O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni qonuniylashtirish bo‘yicha bir martalik aksiya tugallandi. Biroq turli sabablarga ko‘ra taqdim etilgan imkoniyatlardan foydalanishga ulgurmay qolganlar ham bor. Norma vakolatli organlarning ruxsatnomasisiz qurilgan imoratga mulk huquqini hozirgi kunda qanday olish mumkinligini ko‘rib chiqdi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat va uning oqibatlari haqida nimalarni yodda tutish kerak?
Turar joy, boshqa qurilma, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mulk (FKning 212-moddasi) quyidagi tarzda qurilgan bo‘lsa, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi:
• qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu maqsadlar uchun ajratilmagan yer uchastkalarida;
• bunga kerakli ruxsatnomalarni olmasdan yoki arxitektura hamda qurilish normalari va qoidalarini sezilarli darajada buzgan holda qurilgan imorat.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurganlik uchun jazo tayinlanadi. Obektni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan va ruxsatnomasiz qurganlik, qurilish normalari va qoidalarini, ishlarni bajarish va topshirishda texnik shartlarni, obektni ishga tushirish qoidalarini buzganlik uchun jarimalar solinadi (MJTKning 99-moddasi). Qonun hujjatlarida yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun ham javobgarlik nazarda tutilgan.
Yer va mol-mulk solig‘ini hisoblashda qo‘llaniladigan ma'lumotlar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligi sababli soliq organlari tomonidan e'tiroz bildirilishi ehtimoldan xoli emas. Qo‘shnilar e'tiroz bildirishi, hudud o‘zboshimchalik bilan egallab olinganda esa hokimiyatlar, noqonuniy qurilgan imorat huquq va manfaatlarini buzayotgan boshqa shaxslar e'tiroz bildirishi mumkin. Oxir-oqibatda sud muhokamalari o‘tkazilishi va sud tomonidan imoratni buzish to‘g‘risida qaror chiqarilishi mumkin.
Noqonuniy qurilishni sotish, hadya qilish, ijaraga berish yoki boshqa bitimlarni amalga oshirish mumkin emas.
Toshkent shahar yer resurslari va ko‘chmas mulk davlat kadastri boshqarmasida ta'kidlanishicha, amaldagi ruxsatnoma olish tartib-taomillari qurilish xavfsizligini ta'minlash va qonunga rioya etishga yo‘naltirilgan. Qurilishga tayyorgarlik ko‘rishda uning arxitektura ko‘rinishi qanday bo‘lishi, qurilish materiallarini xarid qilishni emas, balki qurilishning huquqiy jihatlari to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish muhimdir. Bunda Vazirlar Mahkamasining 18.05.2018 yildagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan reglamentga amal qilish lozim.







