
Saytimizda «Samarqandning tarixiy qismida noqonuniy qurilishlar davom etmoqda: endi «GOM»ni buzib, «dom» ko‘tarishmoqda» sarlavhasi ostida samarqandlik mustaqil bloger Mirzo Subhonovning surishtiruviga asoslangan xabar berilgan edi.
Mazkur xabardan so‘ng bloger M.Subhonov o‘z blogida «Ichki ishlar mulki reyder quruvchidan saqlab qolindi» sarlavhasi ostida tashkilotlarning ilgarigi blogpostiga munosabatini e'lon qilgan.
Bloger Mirzo Subhonovning Samarqand viloyati qurilish nazorati inspeksiyasiga ko‘ra yozishicha, Samarqand shahridagi «Buran quruvchi servis» MChJ shahardagi ijtimoiy obektlarni buzib, ularning o‘rniga qurgan ko‘p qavatli turarjoylar noqonuniy qurilgan, deb topilgan va YuNeSKO talabi bo‘yicha buzilishi belgilangan Samarqand shahridagi jami 17ta obekt ro‘yxatiga kiritilgan.

Bloger Mirzo Subhonov Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, «Buran quruvchi servis» MChJ ushbu maqolalar yuzasidan uni sudga bergan.
«O‘tgan hafta pochta orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudidan xat keldi. Ochib qarasam — menga nisbatan ma'naviy zarar ishi bo‘yicha chaqiruv qog‘ozi jo‘natilgan ekan.
Holatga aniqlik kitirish maqsadida bugun — 14 oktabr kuni Toyloq tuman sudiga borganimda «Buran Quruvchi Servis» MChJ sud orqali men va yana bir blogerdan jami 500.000.000 (besh yuz million) so‘m ma'naviy zarar talab qilayotgan ekan.
Da'vogarning arizada bildirishicha Kun.uz saytida e'lon qilingan «Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi o‘z mulkini reyder quruvchi «hamla»sidan saqlab qoldi» sarlavhali maqola ortidan uning qurilish ishlari to‘xtab qolgan.

















