Shu kunlarda Iroq parlamenti kvorum (majlisning qarorlari qonuniy bo‘lishi uchun ishtirokchilarning ustav bo‘yicha yetarli hisoblanadigan miqdori) yig‘a olmadi va muxolifatchi namoyishchilarning talablarini muhokama qila olmadi. Muqtada Sadra yetakchiligidagi shialar partiyasi va Iroq kommunistik partiyasi birlashmasi bo‘lgan «Sayrun» bloki a'zolari mitinglar ishtirokchilarining talablari muhokama qilinmas ekan, parlament binosini tark etmasliklarini ma'lum qilishdi.

So‘nggi ikki kun ichida Iroqdagi namoyishlar vaqtida 63 kishi halok bo‘ldi va 2,5 mingdan ortiq kishi jarohatlandi. Shu ikki kun ichida 83 ta davlat korxonasi va siyosiy partiyalar ofisi binolariga zarar yetkazilgan.

Namoyishchilar Bag‘doddagi Tahrir maydonini egallashgan va hukumat binolariga olib boruvchi yo‘lda joylashgan ko‘prikda barrikadalar qurishgan.

Hukumat binosiga olib boruvchi yo‘l to‘silgan / REUTERS

Juma va shanba kunlari namoyishchilar hukumat gvardiyasi binosini egallashga harakat qilishi va yuqori martabali amaldorlarning uylariga hujumlar oqibatida o‘nlab kishi halok bo‘ldi.

Shuningdek, tasodifan markaziy maydonga kelib qolgan va zo‘ravonlik harakatlarida ishtirok etmagan kishilar ham halok bo‘lishgan.

Oktabr to‘lqini

Namoyishchilarning aksari ishsizlikdan aziyat chekayotgan yoshlar / GETTY IMAGES

1 oktabr kuni mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratish va korrupsiyaga chek qo‘yish talabi bilan stixiyali tarzda (tinch ruhda) boshlangan namoyishlar politsiya tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilgandi: Bag‘dodda ko‘chalarga chiqqan kishilar o‘qlar yomg‘iri ostida qolgan, bir necha kun ichida 150dan ortiq kishi halok bo‘lgandi.

Ammo bu namoyishchilarni to‘xtata olmadi, aksincha yanada ko‘proq odamlar ko‘chalarga chiqdi, namoyishlar Iroqning boshqa shaharlariga, ayniqsa nisbatan qashshoq yashovchi janubiy hududlariga ham tarqaldi.

Hukumat namoyishchilarga nisbatan o‘qotar qurollar qo‘llangani holatini tekshirdi va bu holatni «haddan oshish» deb baholadi. Shu bilan birga, odamlar «noma'lum snayperlar» tomonidan o‘ldirilgani iddao qilindi.