«Alter Ego» dasturi muallifi Kirill Altman O‘zbekistondagi onlayn media vakillari bilan suhbatlashdi.
Dasturda soha xodimlari mamlakatdagi jurnalistika va so‘z erkinligining bugungi holati borasidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
O‘zbekistonda so‘z erkinligi va jurnalistikaning yangi davri: onlayn OAV vakillari qanday fikrda?Jumladan, Daryo.uz muharriri Muhrim A'zamxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda matbuot va blogerlarning ta'siri bilan o‘z yechimini topayotgan muammolarning aksariyati – maishiy masalalardir. Ayrim mavzularda esa rasmiylar shunchaki sukut saqlashni afzal bilmoqda.
– Davlatning qaysidir organlari, qaysidir amaldorlar OAVda chiqayotgan, Telegram`da yozilayotgan narsalarga e'tibor beryapti. Yoki qo‘rqishyapti. Deylik, Prezident Administratsiyasidagilarga, Kabmindagilarga yetib bormasligi uchun muammoni hal etishga harakat qilishyapti. Lekin hal qilinayotgan muammolarning ham, ko‘tarilayotgan muammolarning ham ko‘pi – maishiy narsalar.
«Snos»lar bo‘yicha hokimlar chiqib uzr so‘radi. Uzr so‘rashgacha olib borildi-yu, lekin juda ham to‘rtinchi hokimiyat bo‘lib ketdik, deb o‘ylamayman. So‘z erkinligi eng yuqori darajasiga chiqdi, degan fikrda emasman. Chunki shunaqa holatlar borki, qayta-qayta yozasiz, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘ladi, lekin baribir hech narsa o‘zgarmaydi. U narsani shunchaki «ignor» qilishadi, bo‘ldi. Undan o‘tib ketiladi va esdan chiqariladi.
«Yozaverasiz-yozaverasiz, foydasi bo‘lmayapti-ku? O‘zgarmayapti-ku?» deydi jurnalistlar. Hech qanaqa signal yo‘q. Feedback yo‘q. Nima qilaman yozib, deydi. Keyin boshqa mavzuga o‘tib ketadi. Bu yerda jurnalistikaning ham muammosi bor, lekin bu muammoni sababi – ijro yoki sud hokimiyatining beparvoligidan. Shunchaki «ignor» qilishidan. Hech qanaqa javob olib bo‘lmaganidan keyin, nima qilaman yozib, deydi-da.
Misollarni ko‘p keltirish mumkin. Masalan, to‘rtinchi hokimiyat bo‘lib, biz 722 Range Rover`larning raqamini kim yechib oldi, nega yechib oldi, bila olganimiz yo‘q. Na shahar, na respublika «GAI»si hech qanaqa izoh bergani yo‘q. Ular qo‘rqishmadi ham-da. Shu ishni qilganlar ham qo‘rqmagan.


















