O‘zbekistonda Maktabgacha ta'lim tashkilotlari tizimini rivojlantirish, bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga jalb etish, maktabga tayyorlash masalalari ta'lim sohasidagi davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri deb qaralmoqda. Barkamol avlodni tarbiyalash uchun, eng avvalo, qulay sharoitlar yaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur sohadagi islohotlar izchil davom ettirilib, maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog‘ini hozirgi zamon talablari va standartlari asosida rivojlantirish, ularni rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga qaratilayotgan e'tibor zamirida ham kelajagimiz egalarining hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishlari hamda buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lib voyaga yetishlarini ta'minlashdek ezgu maqsad mujassam.
Davlatimiz rahbarining qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan dasturida keng ko‘lamli strategik maqsadlar, muhim vazifalar belgilanganligi bilan ahamiyatlidir.


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 avgustdagi “Mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi 786-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Maktabgacha ta'lim vazirligining tashabbusi bilan yangi loyiha ishlab chiqilib “Aqlvoy” deb nomlandi.
“O‘zavtosanoat» AJ tomonidan tayyorlangan mazkur ko‘chma maktabgacha ta'lim tashkiloti avtobusga joylashtirilgan bo‘lib, asosan, respublikamizning eng chekka qishloqlarida bolalar bog‘chasi qurishning imkoni bo‘lmagan hududlar hamda ovullarga mo‘ljallangan. Bu esa maktabgacha ta'lim tizimiga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlash uchun xizmat qiladi. Ahamiyatlisi shundaki, bu kabi ko‘chma maktabgacha ta'lim tashkilotlari yurtimizda ilk bor tatbiq etilmoqda.


Har bir viloyatning o‘ziga xos xususiyati hamda geografik joylashuvidan kelib chiqib 16 dona avtobuslar belgilangan manzillarga yuborilgan edi.


















