O‘zbekiston | 09:19 / 02.12.2019
64148
3 daqiqa o‘qiladi

Kanadada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berildi

Foto: Sean Kilpatrick/The Canadian Press via AP

O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yil 27 noyabr kuni Kanadaning Ontario provinsiyasida asli o‘zbekistonliklarni tashiyotgan samolyot halokati sodir bo‘lgan joy tegishli tuzilmalar tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilgan, samolyotning barcha parchalari puxta tahlil qilish uchun Toronto shahridagi maxsus tekshiruv markaziga yetkazilgan. 

TIV xabariga ko‘ra, ayni paytda Kanada ma'murlari bilan birgalikda halok bo‘lganlarning jasadlarini aniqlashtirish va ularni qarindoshlariga topshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Foto: TSB of Canada
Foto: TSB of Canada

Elchixona Kanada TIV va huquqni himoya qilish idoralari vakillari, aviahalokatida vafot etganlarning qarindoshlari va yaqinlari, Toronto shahri va Texas shtatidagi (AQSh) o‘zbek diasporasi bilan yaqin aloqada bo‘lib turgani aytiladi.

2 dekabr kuni O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov Toronto shahrida Kanada transport xavfsizligi kengashi vakillari va mahalliy tergov idoralari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Qayd etilishicha, elchixonaga butun dunyodan ta'ziya so‘zlari yetib kelmoqda. Kanadaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Annik Gule barcha kanadaliklar nomidan aviahalokatda halok bo‘lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirdi hamda har tomonlama yordam va zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi. AQSh va Kanadada istiqomat qiluvchi o‘zbek diasporasi vakillari tomonidan O‘zbekiston elchixonasi sa'y-harakatlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Halok bo‘lganlarning qarindoshlari uchun elchixonada tezkor telefon raqami ochilgan: +1 (202) 887-5300 (ichki raqam 1), +1 (202) 251-8298 (mobil), shuningdek [email protected] elektron pochta manzili.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 noyabr kuni kechqurun Ontarioning Markxem shahridan Kvebek provinsiyasining Kvebek shahri tomon parvoz qilgan samolyot Kingston yaqinidagi o‘rmonli hududga quladi. Hodisa oqibatida yetti nafar o‘zbekistonlik, shu jumladan uch nafar yosh bola halok bo‘ldi.

Shundan so‘ng, TIV Kanadadagi fojiada o‘zbekistonliklar halok bo‘lganini tasdiqladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid