Butun mavsum davomida Superliga uchrashuvlarini kuzatib, tahlil qilib borgan, PFL bilan hamkorlikda oy laureatlarini aniqlagan, har turdan keyin tur ramziy jamoasini e'lon qilib borgan Tribuna.uz sayti 2019 yilgi chempionat yakunlariga ko‘ra, mavsum ramziy jamoasini tuzdi.
Darvozabon:
O‘tkir Yusupov
Klubi: «Navbahor»
O‘yinlari soni: 24
Superliga-2019ning eng yaxshi posboni bo‘lish uchun da'vogarlar orasidan «Navbahor» posboni O‘tkir Yusupovni tanladik. Namanganliklar posboni yetakchi klublar darvozabonlari Eldor Suyunov, Sanjar Quvvatov, Javohir Ilyosov, Murod Zuhurov, Ignatiy Nesterov va qolgan darvozabonlardan eng ko‘p – 24 ta o‘yin o‘tkazib, eng kam – 19 ta gol o‘tkazdi. Shu bilan birga 2 marta penaltini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. 28 yoshli O‘tkir Yusupov darvozabon bo‘lishiga qaramay, mavsum davomida «Navbahor»ning yetakchilaridan biri bo‘la oldi.
Himoyachilar:
Hojiakbar Alijonov
Klubi: «Paxtakor»
O‘yin va gollari soni: 21 o‘yin, 1 ta gol
Chempionlikka erishgan «Paxtakor» asosiy tarkibidagi eng yosh futbolchi Hojiakbar Alijonov mavsum kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. 22 yoshli himoyachi nafaqat OChL va milliy jamoada, balki Superligada ham ajoyib o‘yinlar namoyish etdi. Hojiakbar nafaqat himoyada balki hujum tashkil etishda ham o‘ng qanotda Arveladze uchun muhim figuraga aylana oldi. Bitta gol urish bilan birga jamoasining qator gollariga assistentlik ham qildi.
Islom To‘xtaxo‘jayev
Klubi: «Lokomotiv»
O‘yin va gollari soni: 24 o‘yin, 5 gol
«Temiryo‘lchilar» sardori Islom To‘xtaxo‘jayev bu mavsumni ham yuqori darajada o‘tkaza oldi. 30 yoshli futbolchi «Lokomotiv»ning 2-o‘rin bilan OChLga yo‘llanma olishiga katta hissa qo‘shdi. Islom bu yilgi o‘yinlar soni bo‘yicha jamoada Anzur Ismoilovdan keyingi o‘rinda joy olgan bo‘lsa-da, himoyachi bo‘lishiga qaramay, 24 o‘yinda 5 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol etib, jamoasiga muhim ochkolarni taqdim etdi. Eng muhimi, «Lokomotiv» mavsumda eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa bo‘ldi – 16 ta gol.


















