6 dekabr kuni O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida «O‘zbekistondagi islohotlar va parlament saylovlari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri anjuman qatnashchilarining mavzu yuzasidan fikrlari bilan qiziqdi.

Piter Lilley, Buyuk Britaniya parlamentining Lordlar palatasi a'zosi:

– Hozirda O‘zbekistonda bo‘layotgan islohotlarga hamda kutilayotgan saylovlarga e'tibor juda yuqori. Buni albatta ijobiy holat sifatida baholash mumkin. Biz Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Yevropa va Amerika mintaqalari bo‘yicha mas'ul sobiq vazir ser Alan Dunkanni kuzatuvchilar safida borishiga kelishib oldik. U boshqa kuzatuvchilar kabi saylovni kuzatish, ovoz berish jarayonida maxfiylikning ta'minlanishi, ovozlar hisob-kitob qilinayotganda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligi hamda partiya vakillari o‘rtasida erkin munozaralar tashkil etilishiga e'tibor qaratadi.

Biz kuzatuvchilardan saylovlarning adolatli tashkil etilganligi to‘g‘risidagi hisobotlarni kutib qolamiz.

Piter Lilley

Saylovlar mamlakatning jahon hamjamiyatiga ochilib borishida,  fuqarolar siyosiy faolligini oshirishda va xorijiy tadbirkorlar o‘z faoliyatlarini mamlakat bilan bemalol hamkorlikda davom ettirishini kafolatlashda ishonchli vosita hisoblanadi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, bu – O‘zbekistonning ochiqlik siyosatini namoyon qilishida asos bo‘lib xizmat qiladi.

Demokratik jamiyatni shakllantirishga yuzlab yillar ketadi aslida.  Sizning mamlakatingiz bu jarayonni tezlashtirishga intilmoqda. Umid qilamanki, O‘zbekiston fuqarolarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ish ko‘ruvchi yetuk davlat sifatida shakllanadi; demokratik jamiyatning asl mohiyati ham aynan shunda, deb o‘ylayman.

Ser Alan Dunkan, britaniyalik sobiq vazir va parlament a'zosi:

– Fikrimcha, tadbir juda sermahsul o‘tdi. Ayni vaqtga kelib ko‘plab odamlar O‘zbekistonning yanada ijobiy tomonga o‘zgarayotganiga,  islohotlarning bardavom ekanligiga hamda mamlakatning jadal sur'atlarda rivojlanishiga ishonch bildirmoqda. Yurtingizda dekabr oyida bo‘lishi kutilayotgan parlament saylovlari oldidan bugungi matbuot anjumanining tashkil etilishi juda ham yaxshi bo‘ldi, deb o‘ylayman.