Mesut O‘zil bu mavsumda avvalgidek o‘ynay olmayapti: barcha turnirlar doirasida 10 o‘yinda atigi 2 golli uzatma. Lekin u tvitterdagi so‘zlari bilan barchaning e'tibor markaziga tushdi - u Xitoydagi uyg‘urlar repressiyasiga qarshi chiqdi: «Sharqiy Turkiston — Islom ummatining og‘riqli nuqtasi. Uyg‘urlar insonlarni islomdan ajratmoqchi bo‘lganlarga qarshi yolg‘iz kurashishmoqda.
Ular (xitoyliklar) Qur'onni yoqishmoqda, masjidlar va madrasalarni yopishmoqda, diniy ulamolar qatl qilinmoqda. Erkaklarni lagerga jo‘natishmoqda, ularning oilasi esa xitoylik erkaklar bilan yashashga majbur qilinmoqda.
Lekin musulmonlar sukut saqlashmoqda. Ularning ovozi eshitilmayapti. Ularni o‘sha yerda yolg‘iz qoldirishmoqda. Axir zulmga rozi bo‘lish — aynan zulmning o‘zi ekanini ular bilishmaydimi?»
#HayırlıCumalarDoğuTürkistan 🙏🏼 pic.twitter.com/dJgeK4KSIk
— Mesut Özil (@MesutOzil1088) December 13, 2019
Uyg‘urlar kimlar?
Uyg‘urlar Sharqiy Turkistonning tub xalqi (11 million kishi, e'tiqodiga ko‘ra musulmon-sunniylar), ular hozirgi Xitoy xalq respublikasi tarkibida tashkil etilgan Shinjon-Uyg‘ur muxtor hududida istiqomat qilishadi.
2018 yilning sentyabrida Humans Righs Watch Xitoydagi musulmon aholining ta'qibga uchrashi bo‘yicha hisobot e'lon qilgandi. Unda Xitoy hukumati ommaviy ravishda va ko‘p hollarda hech bir sababsiz uyg‘urlarni qo‘lga olib, ularni qayta tarbiyalash lagerlariga joylashtirishi, millionlab kishilar doimiy kuzatuv ostida yashashi, ularning ijtimoiy ahvoli va taqdiri «ijtimoiy kredit» hisoblash tizimida to‘playdigan ballariga bog‘liq bo‘lishi aytilgandi.
Washington Post nashrining yozishicha, mintaqada diniy binolar buzib tashlanishi, Qur'on taqiqlanishi, ba'zi musulmonlar esa cho‘chqa go‘shti yeyishga majburlanishi kuzatiladi.
O‘tgan yilning noyabrida Xitoy «qayta tarbiyalash va o‘qitish lagerlari» mavjudligini tan olgandi. Bu ekstremizmga qarshi kurash zarurati bilan izohlangan. BMT ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yil dekabrida bir milliondan oshiq uyg‘urlar saqlanayotgandi.











