Eronning eng nufuzli shaxslaridan biri bo‘lgan general Qosim Sulaymoniyning AQSh harbiy operatsiyasi natijasida o‘ldirilishi jahon bo‘ylab shov-shuv ko‘tardi. Kimdir AQShning o‘zga davlat hududida ruxsatsiz harbiy harakat olib borishi va yana bir davlatning arbobi yo‘q qilinishini qoralagan bo‘lsa, yana kimlardir bu harakat ko‘pchilikka dushman maqomini saqlab turgan Eronni jilovlashda muhim qadam bo‘lganini olqishlamoqda.
Sulaymoniyni o‘ldirishga shaxsan topshiriq bergan Donald Tramp, u yo‘q qilingandan keyin eronlik general jahonning birinchi raqamli terrorchisi bo‘lgani va Yaqin Sharq hududida halok bo‘lgan millionlab kishilar o‘limiga javobgar ekanligi, bundan keyin ham yangi teraktlar o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rgani haqida aytib o‘tdi.
Quyida AQShning bevosita yoki bilvosita aralashuvi bilan jismonan yo‘q qilingan 5 shaxs keltiriladi.
- Qiziq fakt: o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan buyon AQSh harbiy harakatlar olib bormagan biror yil bo‘lmagan. Lekin shunga qaramay beqiyos harbiy qudratga ega bu davlat bor-yo‘g‘i 11 marta rasman urush e'lon qilgan.

Saddam Husayn

Saddam Husaynni ko‘pchilik yoqtirmasdi. O‘z xalqini uzluksiz qiynoqda tutgani, hokimiyatning barcha tizginini o‘zida saqlagani, namoyishlarni ayovsiz bostirgani, o‘g‘illarining beboshliklari va eng muhimi – Eron bilan tinkani quritgan urush olib borgani ko‘pchilikda bu arbobga nisbatan nafrat shakllantirgandi. AQSh 1990 yilda ham Kuvaytni himoya qilish maqsadida Iroqni bombardimon qilgandi. 2003 yilda boshlangan navbatdagi urush natijasida esa Saddam Husayn taxtdan ag‘darildi va qochib qoldi. Ammo ko‘p o‘tmay iroqlik sobiq diktator AQSh askarlari tomonidan ushlandi va 2006 yilda Iroq oliy sudi hukmi bilan qatl qilindi. Bu sud kimning ta'siri ostida hukm chiqargani bo‘yicha bahslar hanuz davom etadi.



















