Tadbirda turizm statistikasi, soha targ‘iboti va turizmning alohida turlarini rivojlantirish, transport infratuzilmasining rivojlanishi, xorijdagi diaspora bilan ishlash va investitsiyalarni jalb etish, hududlarda turizm infratuzilmasining rivojlanishi va tadbirkorlar bilan ishlash bo‘yicha 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.
Tadbirdan so‘ng Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov Kun.uz muxbirining sohaga oid savollariga javob berdi.
– Tadbirdagi chiqishingiz davomida 2020 yilda Transport vazirligi bilan yangi yo‘nalishlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida aytib o‘tdingiz. Aynan qaysi yo‘nalishlar ekani bo‘yicha ma'lumot bera olasizmi?
– Bu bo‘yicha vazirligimiz tomonidan juda katta ishlar olib borilyapti. Bizga berilgan imkoniyat bu – «Ochiq osmon» imkoniyati. Aeroportlarga yangi yo‘nalishlardan aviaqatnov jalb qilish bo‘yicha ishlar olib boryapmiz. Bu qaysi yo‘nalishlar? Biz uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlar – Yevropa mamlakatlari, Xitoy, hatto mana Erondan aviareys ochildi. Turkiya bor, bilasiz, judayam serqatnov yo‘nalish. Arab davlatlari alohida. Bizning o‘sha ziyorat turizmiga bo‘lgan salohiyatimizni hisobga olganda, menimcha bu yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish turizmga katta foyda bo‘ladi va oldimizga qo‘ygan maqsadimiz turistlar sonini yaqin 2-3 yil ichida 10 millionga olib chiqishga erishishimiz uchun aviaqatnov juda ham muhim. Biz buning ustida birgalikda ish olib boryapmiz. 2020 yilda bu ish davom etadi, yangi-yangi ishlar bo‘ladi.
– Turizm sohasida 2019 yilda mavsumiylik omili kamaygani bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etildi. 2020 yilda bu bo‘yicha yana qanday ishlar amalga oshiriladi?
– Sohadagi mutaxassislar yaxshi bilishadi, avvallari mavsumiylik omili juda katta muammo edi. Sayyohlar asosan bahor, kuz oylarida kelishar, yoz va qish mavsumlarida mehmonxonalarimiz deyarli bo‘sh bo‘lar edi, faoliyati to‘xtardi. Bo‘sh bo‘ldi degani nima? O‘sha mehmonxona ishchisi ham ma'lum vaqt ta'tilga chiqishi kerak. Hozir bu keskin ravishda o‘zgardi. Nimaga? Chunki O‘zbekiston dunyoga ochildi. Buning natijasida biznes turizm yo‘nalishi rivojlandi.
Biznes turizm deganimizda chet eldan tadbirkorlar, investorlarning kelishi, yurtimizda turli forumlar tashkil etilishi natijasida mavsumiylikning kamayishiga hissa bu aslida. Prezidentimiz tashabbuslari, boshchiligidagi islohotlar natijasida O‘zbekiston dunyoga yuzini ochdi. Buning natijasida ko‘proq turist kelganining hisobiga ham mavsumiylik omili kamaydi. Biz turizmning alohida turlarini rivojlantirish bo‘yicha [ishlarni amalga oshiryapmiz]. Kongresslar va ko‘rgazmalar unitar korxonamiz ochildi. Aynan shu maqsadlarga yo‘naltirilgan.

















