Bugun, 13 yanvar kuni viloyatlarda yangi chaqiriqdagi Xalq deputatlari viloyat kengashlarining ilk sessiyalari bo‘lib o‘tdi. Bunday sessiyalar, jumladan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham o‘tkazildi.

Kun.uz’ning sanab o‘tilgan viloyatlar hokimliklarining axborot xizmatlaridan olingan ma'lumotlariga ko‘ra, sessiyalarda 2019 yilning 22 dekabrda o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari saylovi yakunlari bo‘yicha viloyat saylov komissiyasi raislarining axborotlari tinglangan. Tashkiliy masala ko‘rilib, viloyat hokimlari nomzodlari tasdiqlangan.

Jumladan, Surxondaryo bo‘lib o‘tgan sessiyada ishtirok etgan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga 3-Darband saylov okrugidan saylangan deputat Bobolov To‘ra Abdiyevichning nomzodini Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida taqdimnomani o‘qib eshittirgan.

«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan To‘ra Abdiyevich Bobolovning nomzodini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror bir ovozdan ma'qullangan.

To‘ra Bobolov 2019 yil 1 maydan buyon Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.

Qayt etib o‘tish kerak, Surxondaryoda saylov yakunlariga ko‘ra, O‘zLiDePdan 27 nafar, O‘zXDPdan 15 nafar, O‘zMTDPdan 10 nafar, «Adolat» SDPdan 4 nafar hamda Ekologik partiyasidan 4 nafar deputat saylangan.

Andijon viloyati hokimi lavozimga qayta tasdiqlandi

Buxoroda o‘tgan viloyat kengashi sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakili Abdujabbor Abduvohidov ishtirok etgan.

Sessiyada O‘ktam Isoyevich Barnoyev Buxoro viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlash uchun xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashiga taqdimnoma kiritilgan. Deputatlar Barnoyevni Buxoro viloyati hokimi etib bir ovozdan tasdiqlagan.