Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risidagi qonunga (2018 yil 9 iyulda qabul qilingan 483-sonli qonun tahririda) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Tegishli qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 5-modda (Palataning vazifalari) birinchi qismi (Palataning vazifalari quyidagilardan iborat) oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“aholini biznes yuritish asoslariga o‘qitish, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda, yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirishda ishtirok etish”.
Qayd etilishicha, prezidentning 14.01.2019 yildagi PF-5630-sonli farmoniga ko‘ra, “Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi” Savdo-sanoat palatasi yurituviga berilgan.
Mazkur Markazning asosiy maqsadi va vazifasi – tadbirkorlik sub'yektlari va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholini biznesni yuritish asoslariga o‘qitish va tadbirkorlarning malakasini oshirish hisoblanadi. Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari tarkibidagi o‘quv kurslarida tadbirkorlarning malakasi oshiriladi.
Lekin, amaldagi tahrirga ko‘ra, Palata zimmasiga aslida davlat organlarining funksiyalari yuklatilganligi ko‘rinadi. Amaliyotda esa sanab o‘tilgan funksiyalarni bajarish uchun vakolatlar mavjud emas. Shu bois, Palataning vazifasi sifatida “aholini biznes yuritish asoslariga o‘qitish, tadbirkorlik sub'yektlarining malakasini oshirish”ni belgilash va qolgan masalalarda esa ishtirok etish vazifasini yuklash maqsadga muvofiq ekani aytiladi.
9-modda (Tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish sohasida Palataning funksiyalari) birinchi qismi (Tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish sohasida Palata quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi) yettinchi xatboshisidagi “, kasanachilikning” so‘zlari chiqarib tashlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 11 yanvardagi 4-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomida "kasanachilik" tushunchasi berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs - kasanachining yashash joyi bo‘yicha yoki unga yoki uning oila a'zolariga tegishli bo‘lgan boshqa binolarda ish beruvchining buyurtmalari bo‘yicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha kasanachi tomonidan amalga oshirilayotgan ishni anglatadi.










