Jamiyat | 15:12 / 18.01.2020
53649
3 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchi voqeasi: qator fuqarolarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, YPX inspektoriga nisbatan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida YPX xodimi kamera ko‘targan odamlar qurshovida qolib ketgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Videoxabarda voqea Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida bo‘lgani, YPX xodimi mast ekani, odamlar uning jazolanishini talab qilayotgani aytilgan.

Voqea 11 yanvar kuni Chiroqchi tumanidagi «Mikrokreditbank» binosi oldida yuz bergan. YPX katta inspektori katta serjant N.Yarmatov 11 yanvar kuni soat 14:20larda Chiroqchi tumani «Mikrokredit bank» ro‘parasida o‘rnatilgan 3.27 yo‘l belgisiga amal qilmasdan to‘xtab turgan «Labo» rusumli avtomashina haydovchisi Shohrux Nurimov «Yo‘l harakati qoidalari»ning 7 va 92-bandlarida ko‘rsatilgan qoidabuzarlikni sodir etgani uchun unga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani jarima maydonchasiga qo‘yish maqsadida olib ketgan.

U avtomashinani jarima maydonchasiga olib ketayotgan vaqtida o‘ziga tegishli bo‘lgan «Spark» rusumli avtomashinani majburiy to‘xtash chiroqlarini yoqib «Mikrokredit bank» ro‘parasida o‘rnatilgan 3.27 yo‘l belgisi ta'sir doirasida qoldirib ketgan. U jarima maydonchasidan qaytib kelgach, Sh.Nurimov YPX inspektoridan o‘ziga o‘zi ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirishni talab qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, Qashqadaryo viloyati IIB YHXB YPX katta inspektori, katta serjant N.Yarmatovga nisbatan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

O‘z navbatida, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan «2020 yil 11 yanvar kuni Sh.Nurimov va boshqalarning harakatlarida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish va faol qatnashish, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish kabi ijtimoiy xavfli qilmishlar alomatlari mavjudligi sababli mazkur holat yuzasidan» 17 yanvar kuni Jinoyat kodeksining 139-moddasi («Tuhmat») 3-qismi «g» bandi va 277-moddasi («Bezorilik») 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid