29 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida» prezident farmoyishi qabul qilindi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligidan ma'lum qilishlaricha, 28 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir boshchiligida Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazilgan.

31 yanvarda O‘zbekistonga 28 mingdan ortiq kishi kirib kelgan

Kecha I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga xorijdan 38ta samolyot uchib kelib, 4194 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan, shulardan 84 nafari Xitoyda o‘qiydigan talabalardir.

«Termometriyadan o‘tkazilgan fuqarolar orasida 1 nafar Rossiyadan uchib kelgan fuqaroda tana harorati yuqoriligi aniqlangan, shifokorlar tomonidan epidemiologik surishtiruv o‘tkazilganda tana harorati ko‘tarilgan bemor, koronavirus kasalligiga gumon qilingan yoki kasallik bilan kasallangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lmaganligi aniqlangan», – deyiladi agentlik xabarida.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ markaziy SESiga qarashli 6ta SKPdan 5ta poyezdda 953 nafar fuqaro o‘tishgan va ular o‘rtasida tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanmagan.

Davlat chegara posti orqali o‘tuvchi sanitar-karantin punktlari – Toshkent viloyatining «G‘isht-ko‘prik», «Oybek», Surxondaryoning «Ayraton», «Gulbahor» va Daryo porti hamda Andijon viloyatining «Do‘stlik» SKPlari orqali 2158ta avtotransport, 23570 nafar fuqaro o‘tkazilgan, ular orasida yuqumli kasallikka gumon qilingan bemorlar aniqlanmagan.

Agentlikning virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olib kelingan, namunalar orasida koronavirus topilmagan.