Kun.uz muxbiri O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Xitoydagi vakili Husnulla Asadullayev bilan bog‘lanib, mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat haqida so‘radi.
Ma'lumot uchun, Husnulla Asadullayev – Szyansu provinsiyasining Chanchjou shahrida joylashgan Szyansu texnologiya universiteti 4-bosqichida tahsil oladi.
«Birinchi buni yangiliklarda eshitdik. Avval Xitoy OAVda, keyin O‘zbekiston, qo‘shni davlatlar Rossiya, Qozog‘istonda ham bu narsa juda tez yoyilib ketdi. O‘sha zahoti har bir universitet qatori bizning universitetda ham o‘qituvchilar tomonidan va o‘sha kunning o‘zida, ya'ni koronavirus tarqalganidan keyin O‘zbekiston Respublikasining Pekindagi bosh elchixonasi va Shanxaydagi konsulxona tomonidan eslatmalar berildi.
Ularda imkon qadar turar joyda saqlanish, niqobda bo‘lish, jamoat joylariga iloji boricha chiqmaslik, chiqqan holatda niqoblardan foydalanish, haroratni ham har bir universitetning kirish va chiqish eshiklari oldida tekshirish yo‘lga qo‘yildi. Gigiyena qoidalariga rioya qilish, qo‘llarni tez-tez yuvib turish va antiseptik vositalardan foydalanish eslatma tariqasida berildi», – deydi Asadullayev.
– Ayrim davlatlar o‘z fuqarolarini Uxandan evakuatsiya qilmoqda. O‘zbekiston ham shunday qilishi kerak, deb o‘ylaysizmi?
– Ba'zi bir davlatlarning Uxan shahridan o‘z fuqarolarini olib chiqib ketishi, alohida karantin hududlariga joylashtirishi haqidagi xabarlarga ko‘zimiz tushdi. Bunaqa holatda agar O‘zbekiston ham shunday qilishi kerakmi, degan savolga javobim – avvalambor, bu savolga to‘liq va aniq ma'lumotni elchixona bergani yaxshiroq. O‘z fikrimni bildiradigan bo‘lsam, evakuatsiya qilinishi kerak bo‘lsa, Xitoy hukumati bilan hamkorlikda va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti normalariga amal qilgan holatda olib chiqib ketilishi kerak, deb o‘ylayman.
Chunki kasallikning bundan keyin tarqalmasligi uchun barcha sharoitni yaratib va O‘zbekistondagi boshqa aholiga yuqmasligining oldini olgan holatdagina fuqarolarni ma'lum bir karantin hududlarga joylashtirib, aytilgan inkubatsion davr, ya'ni odamning immunitetiga qarab 2 kundan 14 kungacha deyildi. Ana shu 14 kunlik muddatda karantinda saqlab turib, ularning sog‘lig‘iga qattiq e'tibor berib, undan keyin O‘zbekistondagi turar-joylariga yetib borishni ta'minlashlari tarafdoriman.
Virusga barham berilib, hammasi joyiga tushganidan keyin ham Xitoyda qolmoqchiman. O‘qishimni davom ettirib, bundan keyin ham Xitoyda malakamni oshirib, keyin O‘zbekistonga qaytish niyatidaman. Alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman, bundan oldin ham Xitoy hukumati shunday muammoga duch kelgan. SARS va MERS viruslari Xitoyda birinchi bor paydo bo‘lganida xuddi shunday chora-tadbirlar ko‘rilgan va uni yengib o‘tishni uddalashgan. Ishonchim komilki, ana shu virusga barham berishga ham bor kuchlarini sarflashadi va buning uddasidan chiqishadi.
















