Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug‘iga asosan, Anvar Eshmurodovich Xudoyorov Bandixon tumani prokurori etib tayinlandi.

U 1985 yilning 1 yanvarida Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan, 2006 yilda Termiz davlat universitetini, 2010 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi - pedagog va huquqshunos.
Anvar Xudoyorov faoliyati davomida Surxondaryo viloyati prokuraturasi bo‘lim prokurori, katta tergovchisi, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, prokuror yordamchisi, Boysun tumani prokurori, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari, Majburiy ijro byurosining bo‘lim katta inspektori lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan, Akmal Baratovich Berdinazarov Bandixon tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi.

Akmal Berdinazarov 1983 yilda Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 2007 yilda Termiz davlat universitetini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – transport vositalaridan foydalanish.
Faoliyati davomida Angor tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori, bo‘linma tezkor vakili, bo‘linma boshlig‘i, bo‘lim boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining buyrug‘iga asosan, Abdualim Muhammadiyevich Eshboyev Bandixon tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlandi.




















