Tahririyatimizga Qashqadaryoning G‘uzor tumanida yashovchi Safiya Abdialimova bir yildan beri betob yotgan farzandi uchun ko‘mak so‘rab murojaat qilgandi, uning murojaati asosida saytimizda “Nafas olishdan mahrum murg‘ak go‘dak saxovatli insonlar ko‘magiga muhtoj” nomli maqola e'lon qilingan edi.

Onasining aytishicha, 2018 yil 27 sentyabrda kutilmaganda bolada talvasa (sudorogi) boshlanib, komaga tushib qolgan. Murg‘ak Hakimjon shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida 3 hafta komada yotgan. Bolaning burun va tomoq yo‘li yopilib qolgani uchun shifokorlar bo‘g‘zidan teshib ochib, trubka ulab qo‘yishgan.

Bir yildan beri faqat tomog‘idagi trubka orqali nafas olayotgan, burun va tomoqdagi nafas yo‘li berkilib qolgan bola hozirgacha na o‘tira oladi va na yura oladi. Bo‘ynidagi trubkasi esa har o‘n besh kunda almashtirib turilishi shart. Hakimjon uzzukun parvarishga muhtojligidan Safiya ishlamaydi, bolaning muolajasiga esa pul kerak.

Birinchi maqolamizdan so‘ng saxovatli insonlarning yordami bilan operatsiya uchun kerakli mablag‘ yig‘ilib, 2019 yilning 19 dekabr kuni ona-bola davolanish uchun Hindistonga ketishgan edi. Safar oldidan Kun.uz’ga intervyu berib, farzandining taqdiriga befarq bo‘lmay yordam qo‘lini cho‘zgan insonlarga minnatdorlik bildirgan edi.

O‘tgan vaqt davomida Hakimjon ikki marta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Operatsiyalar natijasida bolaning nafas yo‘llari ochilgan va yo‘l yana yopilib qolmasligi uchun yana bir trubka ulab qo‘yilgan. Uchinchi operatsiyadan so‘ng bo‘yindagi teshik butkul yopilib, bola burunlari orqali nafas ola boshlashi kerak edi.

Biroq navbatdagi operatsiya arafasida Hakimjon kutilmaganda shamollab qolgan va bu qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqargan. Ayni paytda kislorod balonchasi orqali nafas olayotgan bola shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.

“Bir yarim yildan beri bolamning ovozini eshitmadim. U tuzalib ketsa boshqa hech narsa kerak emas. Bittagina farzandimning boshqa bolalar kabi erkin nafas olishi uchun yordam beringizlar. Sizlarni bir umr duo qilaman. Sizlar uchun bir umr qo‘lim duoda bo‘ladi”, deya zorlanadi onaizor.