Turkiyadagi yuqori martabali amaldorlardan birining Blumberg agentligiga ma'lum qilishicha, Anqara AQShga mamlakat janubiga ikkita Patriot batareyasi - havo hujumiga qarshi zenit-raketa majmuasini joylashtirish bo‘yicha iltimos bilan chiqqan. AQShning Turkiyadagi elchixonasi bu xabar bo‘yicha hech qanday izoh bermadi.

Suriyadagi eskalatsiya: Rossiya va Turkiya yangi ziddiyat yoqasidami?

Patriot majmualari Turkiyaga Suriyaning Idlib viloyatida keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlash uchun kerak. Bu hududdagi harbiy harakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, bu yerda aviatsiya yordamisiz urush olib borish halokatga yetaklaydi. Demak, agar Turkiya Idlibdagi Asad muxolifatini qo‘llab-quvvatlab amaliyot boshlasa, quruqlikdagi qo‘shinlarga yordam uchun F-16 qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘tarishga to‘g‘ri keladi.

Agar F-16 samolyotlari Suriya osmoniga kirsa, ularni nafaqat Asad armiyasi qiruvchi samolyotlari, balki rossiyaliklarning harbiy samolyotlari ham qarshi oladi.

Demak, urushmi?
Blumbergda chiqqan ma'lumot tasdiqlangan taqdirda ham, Patriot majmualari Turkiyaga berilishi oson bo‘lmaydi. Anqara 2019 yilda Rossiyadan S-400 zenit-raketa majmualari sotib olgach, Vashington turk harbiylari bilan hamkorlikni kamaytira boshlagan.

Halab g‘arbidagi Atarib shahridagi turk harbiylari, 2020 yil 19 fevral
Aref Tammawi / AFP / Scanpix / LETA

Turkiya hududida ayni vaqtda bir necha Patriot majmualari bor, ammo ular Amerika harbiy bazasiga joylashtirilgan. Bi-bi-sining Turkiyadagi xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda Erdo‘g‘an erishishi mumkin bo‘lgan maksimum natija - AQSh Injirlikdagi Patriot majmualarini amerikalik harbiylar nazoratida Turkiyaning Suriya bilan chegara yaqinidagi Xatay shahri hududiga joylashtirishi bo‘ladi. Bu holatda zenit-raketa majmualari rossiyaliklarning harbiy samolyotlarini nishonga olar darajada masofada bo‘ladi.