O‘zbekiston | 17:30 / 25.02.2020
5613
3 daqiqa o‘qiladi

Urganchda O‘zbekiston – Qozog‘iston o‘rtasidagi biznes hamkorlik bo‘yicha katta forum ish boshladi

25 fevral kuni Xorazm viloyati Urganch shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida «Agrosanoat kooperatsiyasi, sanoat va turizm sohasida hududiy biznesning hamkorligi» mavzusida ikkinchi hududlararo forum boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Forum O‘zbekiston – Qozog‘iston o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hududlarning sanoat salohiyati va imkoniyatlari to‘g‘risida o‘zaro ma'lumot almashish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish va istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan.

Anjumanning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Kayrat Torebayev, O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari G‘ofur Jamolov, Qozog‘istonning Smart Siti tashkil qilish bo‘yicha Nur-Sulton shahri hokimi o‘rinbosari Malika Bekturova va boshqa mehmonlar so‘zga chiqishdi.

Shundan so‘ng, forum o‘z ishini «Chegara hududlarida qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil qilish orqali investitsion hamkorlik qilish», «O‘zbekiston va Qozog‘istonning investitsion-innovatsion jozibasini oshirish», «Sanoat kooperatsiyasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari», «Farmatsevtika, yengil sanoat, agrosanoat sohasidagi hamkorlik», «Inson kapitalining rivojlanishi», «Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi mehnat migratsiyalari jarayonlarini tartibga solish», «Madaniyat va turizm, innovatsiyalar, oliy ta'lim sohasidagi hamkorlik» mavzularidagi sessiyalar shaklida davom ettirdi.

Keyin forum ishtirokchilari O‘zbekistonning yetakchi korxonalari mahsulotlarining ko‘rgazmasini tomosha qilishdi. Urganch shahridagi «Textile Finance Horezm» MChJ faoliyati bilan tanishishdi.

26 fevral kuni forumning yakuniy qismida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin ishtirok etishi kutilmoqda.

Nurmuhamad Said

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid