Rasmiylar mamlakatda koronavirus tarqalishiga sektaning Tegu shahrida o‘tkazilgan marosimlari vaqtida sekta a'zolarining kasallikni bir-biriga yuqtirishi sabab bo‘lgani, virus shu orqali Janubiy Koreyaning boshqa hududlariga yoyila boshlaganini ta'kidlashgan.

Koronavirus Janubiy Koreyada: vaziyat chindan ham og‘irmi?

Bi-bi-sining Seuldagi muxbiri Lora Bikerning so‘zlariga ko‘ra, bu da'vo mamlakatda lideri o‘zini masih deb ataydigan diniy tashkilotga nisbatan norozilik ortib borayotganini anglatadi.

Ma'murlar ushbu sektaning barcha a'zolarini — 230 ming kishini tekshirib chiqishdi va taxminan 9 ming kishi o‘zida koronavirus alomatlarini boshdan kechirgani aytildi. Sekta yetakchisi 88 yoshli Li Man Xi ham koronavirus tekshiruvidan o‘tgan, uning natijalari hozircha noma'lum.

Shu bilan birga, yakshanba kuni Janubiy Koreyadagi barcha katolik cherkovlari Covid-19 virusi tarqalishining oldini olish maqsadida yopildi. 

Ko‘plab ijtimoiy tadbirlar, shu jumladan, BTS pop guruhining konserti ham bekor qilingan.

Tegu shahri Janubiy Koreyadagi koronavirus o‘chog‘i / Getty Images

Janubiy Koreyada katolik cherkoviga ibodat qiluvchilar taxminan 5,8 million kishini tashkil qiladi — u mamlakatdagi eng katta konfessiyalardan biri. 7 martga qadar 1734ta cherkovda ibodatlar bekor qilindi.

Bu katoliklar mazhabining Janubiy Koreyada faoliyat ko‘rsatgan butun 236 yillik tarixida misli ko‘rilmagan qadamdir.

Boshqa ko‘plab diniy konfessiyalar, xususan, protestantlar cherkovlari va budda ibodatxonalari ham yakshanba kungi diniy marosimlarni bekor qildi. 

Janubiy Koreya koronavirus tarqalishi soni bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi mamlakatga aylandi: virus yuqishi bilan bog‘liq 4335ta holat tasdiqlangan va 26 kishi vafot etgan.  Virusga chalinganlarning yarmidan ko‘pi «Sinchxonchji» diniy sektasi ta'limoti izdoshlaridir.