Biroq, ayni paytga kelib koronavirus infeksiyasi bilan zararlangani rasman tasdiqlangan 50 691 kishi muvaffaqiyatli davolandi.

14 kundirki sog‘ayayotgan bemorlar soni yangi qayd etilgan holatlarga nisbatan oshib bormoqda. 

Shu bilan birga, dunyo olimlarining bor kuch bilan harakat qilishlariga qaramay, virusga qarshi vaksina hamon mavjud emas. 

Bir vaqtning o‘zida AQSh va boshqa mamlakatlardagi bir nechta kompaniyalar sichqonlar va dengiz cho‘chqalari ustida tajriba o‘tkazishmoqda, ammo vaksinani odamda sinab ko‘rish aprel oyidan erta yuz bermaydi va uning samaradorligini tasdiqlash hamda barcha byurokratik rasmiyatchiliklar bajarilishiga faqat yil oxiriga borib erishilishi mumkin. 

Xo‘sh, qanday qilib bemorlar shu qadar muvaffaqiyatli davolanmoqda?

Umumiy strategiya: arbidol

Koronavirus epidemiyasi boshlangandan buyon ko‘plab dorilar sinab ko‘rildi — asosan simptomatik yo‘l orqali, ya'ni kasallikning o‘ziga emas, balki uning tipik ko‘rinishlariga qarshi.

Shuni ta'kidlash kerakki, Covid-19’ning o‘ziga xos alomatlari yo‘q — bu ma'noda kasallik shamollash yoki gripp kabi boshqa respirator virusli infeksiyalardan unchalik farq qilmaydi va u xuddi shu tarzda o‘pka yallig‘lanishiga ham aylanishi mumkin.

Deyarli barcha bemorlarda isitma, umumiy holsizlik rivojlanadi, ularning 60 foizida quruq yo‘tal boshlanadi. Taxminan bemorlarning uchdan bir qismi mushak og‘rig‘i va nafas qisilishidan shikoyat qiladi, vaholanki bu alomatlar kasallik boshlanganidan keyingi qariyb beshinchi kuni paydo bo‘ladi.

Bosh va tomoq og‘rig‘i faqat bir necha bemorda kuzatilgan. 

Fevral oyi o‘rtalarida Lancet tibbiy jurnalida yo‘tal, titroq yoki tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilayotgan bemorlarni davolash uchun shaxsiy algoritmini ishlab chiqqan xitoylik shifokorlarning xati nashr etildi. Umumiy qon tekshiruvi va ko‘krak qafasi kompyuter tomografiyasidan so‘ng, bemorlar virusli pnevmoniya va koronavirusning o‘ziga tekshiriladi. 

Agar natija salbiy bo‘lsa, bemorga standart antibiotiklar buyuriladi — azitromitsin yoki amoksitsillin. Agar ijobiy bo‘lsa, bemor izolyatsiya qilinadi va respirator ftorxinolonlar va arbidol bilan davolanadi.