Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tibbiyot fanlari doktori, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori Botir Tojiyev bilan suhbatda  koronavirus infeksiyasi bo‘yicha savollar bilan murojaat qildi. 

– Koronavirus yuqishi va belgilari haqida ma'lumot bersangiz?

Koronavirus infeksiyasining yashirin davri 2 kundan 14 kungacha davom etadi. Hozirgi kunda virus tarqalishi asosan odamdan odamga yaqin aloqa oqibatida yuz bermoqda. Uning alomatlari isitma, yo‘tal va nafas qisishi hisoblanadi.

Virusni barcha yoshdagi odamlar yuqtirishi mumkin. Yoshi katta, surunkali kasallikka yo‘liqqan, immuniteti zaiflashgan odamlarda kasallik og‘irroq kechishi mumkin. Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va dunyo davlatlari mutaxassislari ushbu virusga qarshi yangi vaksina va davolash metodlarini yaratish ustida faol ishlashmoqda.

– Hozirda xastalikdan saqlanishda qo‘llarni yuvish muhim o‘rin tutishi haqida ko‘p gapirilmoqda....

To‘g‘ri. Qo‘llarni tez-tez va sovun bilan yaxshilab suvda yuvishning ahamiyati beqiyos. Bundan tashqari, spirtli dezinfeksiyadan foydalanish ham zarar qilmaydi. Ovqat qilish davomida hamda undan oldin va keyin, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, uy hayvonlari oldidan qaytganda ham qo‘llarni yuvishni unutmaslik kerak. Ayni kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan butun aholiga qo‘l yuvishning ahamiyati haqida sms-xabarlar tarqatilayotganining sababi ham ana shunda.

 – Mutaxassis sifatida koronavirusni yuqtirib olmaslik yoki uning xavfini kamaytirish uchun yana qanday ehtiyot choralarini ko‘rish kerak, deb o‘ylaysiz?

Avvalo, shamollash yoki gripp alomatlari kuzatilgan odamlar bilan yaqin aloqa qilishdan tiyiling. Yuzni qo‘l bilan ushlamang. Imkon qadar bozor, vokzal, katta do‘konlar kabi odamlar yig‘iladigan joylarga borishni kamaytiring. Yo‘talganda, burun qoqqanda va aksirganda og‘iz va burningizni berkiting. Kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qoling va darhol shifokorga murojaat qiling.

– Infeksiyadan saqlanish maqsadida himoya niqobini taqib yurish qanchalik zarur?