Rossiyada 16 mart kuni yana 30 kishida kasallik aniqlangan (ulardan 20 nafari Moskvada), bungacha 63 kishida virus tasdiqlangandi.

Golikovaning so‘zlariga ko‘ra, 93 nafar bemordan 86 nafari - virusni xorijda yuqtirgan, qolgan holatlar mamlakat ichkarisida virus tarqalishi oqibati bo‘lgan. Bosh vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, to‘rt kishi sog‘ayib ketgan.

«79 kishi statsionarda qolmoqda, ulardan 57 nafari yengil formada kasallangan, alohida belgilar yo‘q», degan u

Shu bilan birgalikda, bugun Sankt-Peterburgda qariyb 240 kishi koronavirus yuqtirishda gumonlanib shifoxonalarga yotqizilgan.

Moskva shahri meri Sergey Sobyanin shaharda ommaviy tadbirlarni vaqtinchalik taqiqlash to‘g‘risidagi farmonini imzolagan. Unga ko‘ra 10 aprelga qadar shaharda 50dan ortiq kishi yig‘ilishi mumkin emas.

SERGEI FADEICHEV/TASS

Bundan tashqari, 21 martdan 12 aprelga qadar shahardagi barcha maktablar va bog‘chalar yopiladi. Shuningdek, jamoat transporti haydovchilari yo‘lovchilarga chipta sotishi taqiqlanadi.

Farmonga ko‘ra, Xitoy, Eron, AQSh va Yevropaning istalgan davlatidan keluvchilar ikki hafta muddatga karantinga joylashtiriladi. Ish beruvchilar ihotalanishi kerak bo‘lgan ishchilariga ishga chiqishga ruxsat berishi taqiqlanadi.

Yuqorida sanalgan davlatlardan kelganlarning o‘zlaridan tashqari ular bilan bir joyda yashovchi boshqa kishilar ham izolyatsiya qilinadi.

Yevropa Ittifoqi ham yopilishi mumkin

Italiyada koronavirus qurbonlari soni 2000 nafarga yaqinlashgan / GETTY IMAGES

Yevropa Ittifoqi o‘z hududini xorijliklar uchun yopishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Leyyen ma'lum qilgan.

Dastlabki cheklovlar 30 kunga kiritiladi, keyinchalik bu muddat uzaytirilishi mumkin.

Bunday cheklovlar doimiy asosda Yevropa Ittifoqi hududida yashovchi xorijliklar, YeI fuqarolarining oila a'zolari, shuningdek, diplomatlar va tibbiyot xodimlari uchun taalluqli bo‘lmasligi mumkin. Shuningdek, yanvar oyida YeIni rasman tark etgan Buyuk Britaniya fuqarolari ham taqiq ostida bo‘lmaydi.