08:43 / 24.03.2020
32906

Xitoyda koronavirus bilan kasallanganlarning 90 foizidan ortig‘i tuzaldi 

So‘nggi 24 soat ichida Xitoyda 456 bemor tuzaldi. Shu bilan birga, 78 kishi kasallikni yuqtirdi, yetti kishi vafot etdi

Foto: Jenmin jibao

Xitoyda yangi turdagi koronavirus bilan kasallanganlarning 90 foizidan ortig‘i tuzaldi. Hozir faqatgina 4 735 kishi shifoxonalarda qolmoqda. Bu haqda Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi xabar berdi.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan bir kun davomida mamlakatda 78ta yangi yuqtirish holati va yettita o‘lim qayd etilgan (barchasi koronavirus tarqalishi avj olgan Xubey provinsiyasida). Shu bilan birga, 456 bemor tuzalib ketdi va tibbiy muassasalardan chiqarildi.

Bugungi kunga kelib Xitoyda jami 81 171ta kasallanish holati qayd etilgan (ulardan 73 159 kishi tuzalib ketdi). Qurbonlar soni 3 277 kishiga yetdi.

Epidemiya boshlanganidan beri, Xubey provinsiyasini hisobga olmaganda, XXRda 13 370ta kasallanish holati ro‘yxatga olindi, ulardan 117tasi o‘lim bilan tugadi. Xubey provinsiyasining o‘zida 67 801ta kasallanish holati aniqlangan, 3 160 kishi vafot etgan. Mamlakatda koronavirusdan o‘rtacha o‘lim darajasi 4,03 foizni tashkil etdi.

19 mart kuni Italiya koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirdi. O‘shanda Italiyada virusdan vafot etganlar 3 405 kishiga yetdi, ammo Apennin yarim orolida kasallanganlar soni Xitoydagiga nisbatan bir necha baravar kam - 31,5 ming. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top