Namangan shahrida yashovchi 1969 yilda tug‘ilgan ayol Turkiya orqali umra ziyoratiga borib kelgach, o‘zidan tashqari yana 4 nafar oila a'zosiga – onasiga, qiziga, nabirasiga hamda singlisiga koronavirus infeksiyasi yuqtirgan. Uning surunkali kasalligi bor bo‘lgan onasi miokard infarktidan vafot etdi.

Yana bir fuqaro Istanbul-Toshkent reysi bilan uchib kelib, uy karantinida saqlangan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida karantin kuzatuvida bo‘lib, viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasi tahlil natijalariga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan.

Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, koronavirus infeksiyasi aniqlangan 5 kishi ayni vaqtda viloyat yuqumli kasalliklar kasalxonasida davolanmoqda.

Andijonda 3 kishida koronavirus aniqlangan, er-xotin (ularning ikkisi ham shifokor) va uning talaba qizida infeksiya tasdiqlangan.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, kasallik tashxisi qo‘yilgan ayol 10 mart kuni Qirg‘izistonning O‘sh shahriga borib, 11 mart kuni qaytgan. Oilaning O‘sh shahrida tibbiyot institutida o‘qiydigan qizi ham shu shaharda 10-18 mart kunlari bo‘lib, Andijonga qaytgan.

Ayolning turmush o‘rtog‘ida kasallik alomatlari paydo bo‘lganidan so‘ng o‘tkazilgan tibbiy tekshiruv natijasida oilaning 3 a'zosida ham koronavirus tasdiqlangan.

Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorovning ma'lum qilishicha, koronavirusga chalingan andijonlik Farg‘onada kursdoshlar uchrashuvida ishtirok etgan. Bu uchrashuvda namanganlik shifokorlar ham bo‘lgan.

«Afsuski, ko‘p fuqarolarimiz bu kasallikning yuqumli ekanligini, maxsus komissiya qo‘ygan karantin talablari, sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyalarni tushunib yetmayapti.

Shuncha targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilayotganiga, turli yig‘ilish va marosimlar o‘tkazish taqiqlanganiga qaramasdan, oliy ma'lumotli ikki nafar fuqarolarimiz Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumaniga kursdoshlar uchrashuviga borgan. Bu yerda Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatidan kelgan sobiq kursdoshlar kun davomida birga bo‘lishgan. Ular orasida Andijondan kelgan koronavirus yuqtirgan uch nafar fuqaro ham bo‘lgan. Oqibatda ana shu uchrashuvda bo‘lgan barcha qatnashuvchilar endilikda karantinga olindi. Hozirda ular tekshirilmoqda. Namanganlik ikki fuqaro ham karantinda, tahlil natijalari chiqishini kutyapmiz.