Jahon | 08:11 / 03.04.2020
8730
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi neft bo‘yicha muzokaralar to‘g‘risida gapirdi

Neft narxlari qulagach, Saudiya Arabistoni OPEC+ ning shoshilinch majlisini chaqirib, Rossiya va boshqa yirik qazib oluvchilar bilan neft hajmini yangi va «adolatli» yo‘l bilan qisqartirish bo‘yicha kelishib olishga kirishgan. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp aytib o‘tdi.

Foto: REUTERS/Kevin Lamarque

Saudiya Arabistoni va Rossiya neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha tuzgan OPEC+ kelishuvi barbod bo‘lgach va jahonda neftga talabning pasayishga olib kelgan koronavirus infeksiyasi yana tomonlarni muzokara stoliga o‘tirishga majbur qilganga o‘xshaydi.

Buning uchun bir oydan sal kamroq vaqt talab qilindi: 6 mart kuni Avstriya poytaxti Vena shahrida o‘tkazilgan OPEC+ uchrashuvida Rossiya qazib olishning amaldagi darajasini saqlab qolishni taklif qildi, Saudiya Arabistoni esa koronavirus tufayli qo‘shimcha qisqartirishlarni yoqlab chiqdi. Natijada 1 apreldan kelishuvning amal qilish muddati tugadi, saudiyaliklar neft yetkazib berishni keskin oshirib, narxlar “urushi”ni boshladi, neft narxi esa barreligi 25 dollardan pastga tushdi.

Tramp nima dedi?

  • 2 aprel Saudiya Arabistoni bozorni muvozanatlashtirish haqida adolatli kelishuvga erishish uchun OPEC+ kelishuvi mamlakatlarining shoshilinch uchrashuvini o‘tkazishni taklif qildi, deb xabar berdi qirollikning SPA davlat nashri.
  • AQSh prezidenti Donald Tramp odatga ko‘ra tvitterida «o‘z do‘sti», Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan hozirgina suhbat qurgani, u esa o‘z navbatida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashganini yozib qoldirgan. «Men ular yana 10 million barreldan, ehtimol yanada ko‘proq qisqartirishidan umid qilmoqdaman va buni kutmoqdaman. Agar bu yuz bersa, neft-gaz sanoati uchun ajoyib voqea bo‘lardi», — degan Tramp.
  • Kremldagilar Putin Saudiya valiahd shahzodasi bilan muzokaralar olib borganini rad etishdi.
  • Bu yangiliklardan so‘ng Shimoliy dengizning Brent turidagi nefti fyuchers bitimlarida 33 foizga ko‘tarilib, barreliga 36 dollardan sotila boshladi, keyinroq 29,9 dollargacha tushdi (+21 foiz), Amerikaning WTI nefti esa 22 foizga ko‘tarilib, barreliga 24,7 dollarga yetdi.
  • Rossiyaning RTS birjasi indekslari 3,3 foizga o‘sdi. Neft kotirovkalarining sakrashi rublning kursida ham o‘z aksini topdi, lekin uning o‘sishi neft narxinikidek jiddiy bo‘lmadi: shu voqeagacha 79 rubl atrofida sotilayotgan dollar Trampning bayonotidan so‘ng 78 rublga tushdi. 
  • AQSh OPEC+ bitimi ishtirokchisi hisoblanmaydi va bu bitim amal qilgan davrda neft qazib olishni 4 million barrelga oshirib, sutkasiga 12,2 million barrelga yetkazgan. Lekin Amerika kompaniyalari neft kotirovkalarining qulashidan jabr ko‘rgan asosiy qurbonlar bo‘lishdi, chunki ular qimmatbaho slanetsli neft qazib olishadi, uni ishlab chiqarish neft narxi barreliga 40–50 dollar bo‘lgandagina foyda beradi.
  • Taqqoslash uchun: Rossiya 2020 yilning birinchi choragida sutkasiga 11,3 million barrel neft qazib olgan, Saudiya Arabistoni esa 1 apreldan boshlab neft qazib olishni sutkasiga 25 foizga oshirib, sutkasiga 12 million barrelga yetkazish rejasini ochiqlayotgan edi.

Mavzuga oid