So‘nggi kunlarda Rossiya bo‘ylab virus tarqalishi tezlashgan, shu bois mamlakatda karantin choralari kuchaytirildi. Vladimir Putin 2 aprel kuni rossiyaliklarga ikkinchi marta murojat qilib, mamlakatda xavfli virus yanada tarqalib ketmasligi uchun choralar kuchaytirilishini ma'lum qildi.

  • Jumladan, Rossiya Federatsiyasida ish haqi to‘lanadigan ta'til muddati 30 aprelgacha uzaytirildi. Agar epidemiologik vaziyat yaxshilansa, ish haqi to‘lanadigan ta'til qayta ko‘rib chiqilib, qisqartirilishi ham mumkin;
  • Federal davlat organlari, budjetdan tashqari jamg‘armalarning davlat boshqaruv organlari, Rossiya tarkibidagi sub'yektlarning davlat organlari hamda OAV belgilangan ta'til paytida uzluksiz ishlashini ta'minlaydigan xodimlar sonini aniqlashlari kerak;
  • Gubernatorlarga qo‘shimcha vakolatlar beriladi: hafta oxiriga qadar ular hudud iqtisodiyoti va mintaqadagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olgan holda profilaktika choralarini belgilashi kerak;
  • Mulkchilik shaklidan qat'i nazar, qaysi tashkilotlar faoliyatini to‘xtatishi va qaysi tashkilotlarni kengaytirish mumkinligini mintaqalar, ya'ni gubernatorlar mustaqil ravishda hal qilish huquqiga ega bo‘ldi;
  • Mintaqalar o‘z hududida, mintaqalararo yuk tashish bilan shug‘ullanadigan transport vositalari bundan mustasno, fuqarolar va transport vositalarining harakatlanishi uchun maxsus tartib o‘rnatishi lozim;
  • Tibbiy muassasalar, dorixonalar, zarur buyumlar do‘konlari, doimiy ishlashi lozim bo‘lgan, favqulodda vaziyatlarda zarur ishlarni amalga oshiradigan, avariya holatida ta'mirlash va boshqa ishlarini bajaradigan tashkilotlar hamda banklar odatdagiday ishlashda davom etadi;
  • Qo‘shimcha cheklovlar joriy qilish haqidagi qarorlarni mintaqalar markaz bilan muvofiqlashtirgan holda qabul qiladi;
  • Mintaqalardagi ishlar prezidentning hududlardagi vakillari tomonidan muvofiqlashtiriladi. Barcha ma'lumotlar markazdagi maxsus kengashga yuborilishi kerak.

Putin murojati vaqida gubernatorlarning vakolatini oshirilgach, ular o‘z hududida qat'iy choralar ko‘rishni boshlab yubordi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublikadagi federal ahamiyatga ega yo‘llar, shuningdek, 5 apreldan boshlab respublikaga havo va yer orqali kirib-chiqishni batamom yopishga buyruq berdi. 5 apreldan boshlab Chechenistonga kirmoqchi bo‘lgan avtomashinalar, poyezd va samolyotlar respublika hududiga qo‘yilmaydi va hech qanday izohsiz ortga qaytariladi. Albatta, bu taqiq respublikaga oziq-ovqat olib kirayotgan yuk poyezdlari va mashinalarga taalluqli bo‘lmaydi. Chechenistonda rasmiy ravishda 5 apreldan yo‘llarni yopish e'lon qilingan bo‘lsa ham, aslida martning oxiridan boshlab bu respublikaga tranzit mashinalar qo‘yilmayotgan edi.