The New York Times maqolasida Nyu-Jyersi shtatidagi vaziyat haqida so‘z boradi.

Kislorod xonalarida joy qolmagan

Nyu-Yorkning yaxshigina ta'zirini bergan virus Nyu-Jyersiga shiddat bilan kirib keldi. Virus bu shtatda ilk marta mart oyi boshlarida paydo bo‘lgandi.

5 aprel holatiga ko‘ra, shtat bo‘yicha kasallanish holati 122 mingta. Ulardan 4100 nafari vafot etdi. Aholi eng gavjum bo‘lgan birgina Berge okrugida 6187 nafar bemor. Shulardan 189 nafari xastalikka yengildi.

Eng yirik okruglardan biri bo‘lgan Tinekda ham vaziyat yaxshi emas – 421 nafar bemor. Okrugdagi «Muqaddas nom» kasalxonasida 150 bemorga 2 nafargina vrach qarayapti. Kasalxonaning 12 nafar shifokorida ham virus aniqlangan.

Tamaddixonalar va bolalar bo‘limlari ham intensiv terapiya uchun moslashtirilgan. Bemorlar orasida 19 yoshli o‘spirin ham, 90 yoshli qariya ham bor. Kislorod xonalari to‘lib bo‘lgan. Bitta kasalxonada 20 bemorning virusga taslim bo‘lishi uchun 72 soat kifoya qildi.

«Hammasi yaxshilanishidan avval hammasi yomonlashishi kerak»

Foto: AP

Juma kuni shtat gubernatori Fil Myorfi aholiga muroajaat qildi:

«O‘zingizni virus sizda yashayotgandek ehtiyotkor tuting. Hammasi yaxshilanishidan avval hammasi yomonlashishi kerak».

Ikkita kasalxonadan kislorod moslamalari, bemorlar hayotini saqlab qolish uchun muhim vositalar deyarli qolmagani haqida murojaat tushdi. Ularning birida hatto bemorlarni tinchlantiruvchi tabletkalar ham qolmagandi.

Gubernator va sog‘liqni saqlash bo‘yicha shtat komissari ba'zi kasalxonalarga qo‘shimcha muzxonalar olib kelinishini aytishdi. Sabab – o‘likxonalarda jasad qo‘yishga joy yo‘q.

Virus qurbonlari xotirasiga shtatdagi barcha bayroqlar tushirib qo‘yildi.

«Qarindoshlaringni davolash, ularning o‘limiga guvoh bo‘lish og‘ir»

«Muqaddas nom» shifoxonasi bosh hamshirasi Mishel Atsito Nyu-Jyersidagi vaziyatni hammadan ko‘proq his qilyapti. U rahbarlik qilayotgan shifoxonaga qaynonasi, qaynisi va qaynisinglisini olib kelishdi. Tashxis – COVID-19.