Bugungi kunda koronavirus bilan bog‘liq sokinlik davrida turizm va sport sohasida qanday ishlar olib borilmoqda? Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov javob berdi.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bugungi kunda "onlayn turizm"ni rivojlantirish, tadbirkorlar va startaperlarni qo‘llab-quvvatlashga oid ishlarni amalga oshirayotgan bo‘lsa, Jismoniy tarbiya va sport vazirligida allaqachon “masofaviy sport”ni faol rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari boshlab yuborilgan.

“Ayni damda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning huzuridagi Milliy PR markazi O‘zbekistonda turizm bo‘yicha virtual sayohatlarni amalga oshirish imkonini beruvchi online-tourism.uz saytini yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda. Bu O‘zbekiston bo‘ylab virtual sayohat qilish imkonini taqdim etuvchi birinchi platforma bo‘ladi.

Rejaga ko‘ra, ushbu sayt asosan uch yo‘nalishni qamrab oladi:

Sayyohlar uchun. U O‘zbekiston bo‘ylab virtual turlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Bugungi kunda virtual turlarni yo‘lga qo‘yish uchun muzeylar va boshqa turistik obektlar bilan hamkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Fursatdan foydalanib, bu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi iste'dodli mutaxassislarimizni hamkorlikka jalb qilamiz, ular bilan onlayn faoliyatni yo‘lga qo‘yish mumkin.Shu bilan birga, kafe va restoranlar hamda boshqa turistik obektlar egalarini virtual sayohatni yo‘lga qo‘yish uchun zarur choralar ko‘rishga chorlab qolamiz, zero bu sayyohlarga hozirning o‘zidanoq o‘ziga ma'qul keluvchi, didiga mos keluvchi joylarni tanlash imkonini beradi. Turistik biznes vakillariga bu borada yordam kerak bo‘lgan taqdirda, online-tourism.uz orqali zarur maslahat va tavsiyalar beriladi.

Turistik soha vakillari uchun. Mehmonxonalar egalari va menejyerlari, turoperatorlar, mehmon uylari, gidlar va boshqalar bilan hamkorlik kuchaytirilib, sohani yanada rivojlantirishga oid ishlar amalga oshiriladi. Platforma yordamida dunyodagi so‘nggi trendlar, yangiliklar bo‘yicha vebinarlar, onlayn mushohadalar yo‘lga qo‘yiladi, onlayn qo‘llanmalar taqdim etiladi. Inqiroz va undan keyingi davrda ularning bandligi ta'minlanadi.