So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda virusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 1 mln 988 mingdan oshdi, 125,6 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, sog‘ayganlar soni 466 mingdan oshgan.
Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo prezident Trampning qator shtatlarda karantinni bekor qilish niyati haqida aytgan fikrlariga keskin munosabat bildirib, AQSh prezidenti «mutlaq» vakolatga egalik qilmoqchiligini aytib o‘tdi.
«Men prezident nima haqida gapirganini tushunmadim. Bizda konstitutsiya bor. Konstitutsiyada bizda qirol yo‘q deyilgan. «Men butun mamlakat ustida hukmronlik qila olaman, chunki men prezidentman», deyish – haddan oshishdan boshqa narsa emas. Bu qirollarga xos odat. Bizda Jorj Vashington degan qirol bo‘lmagan, prezident Jorj Vashington bo‘lgan», dedi Kuomo Today Show tok-shousi efirida.
Nyu-York shtatida, dushanba kungi ma'lumotlarga ko‘ra pandemiyadan 671 kishi vafot etgan. Kuomo har kuni o‘rtacha 2 ming nafardan bemor shifoxonalarga olib kelinayotganini aytgan. AQShda shu vaqtgacha Covid-19’dan halok bo‘lganlar soni 25,2 mingga yetgan.
Britaniya: har beshinchi o‘lim
O‘tgan hafta oxiridagi ma'lumotlarga ko‘ra, Angliya va Uelsda ro‘y bergan har beshinchi o‘lim Covid-19 bilan bog‘liq edi. Britaniyaning bu ikki hududida o‘tgan haftada jami 16 ming o‘lim qayd etilgan va bu holatlarning 3475tasi koronavirus tufayli ro‘y bergan.

Hozirda Buyuk Britaniyada virusdan zararlanganlar soni 93,8 mingdan, vafot etganlar soni 12,1 mingdan (bu statistika Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyani ham o‘z ichiga oladi) oshdi.
Oy boshida Britaniyada Covid-19’dan o‘lim darajasi hozirgidan kamroq edi. 3 aprel kuni o‘sha haftadagi kunlik o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha rekord qayd etilgandi - 569 o‘lim. O‘shandan buyon kunlik o‘limlar soni kundan-kunga uzluksiz o‘sib kelmoqda: 9 aprel kuni 980 kishi vafot etdi, 14 aprel kuni 778 o‘lim haqida ma'lum qilindi.
16 ming o‘lim - bu bir haftada qayd etilgan eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichidir. Milliy statistika byurosi vakili Nik Straypning so‘zlariga ko‘ra, bungacha odatda yilning bu mavsumida mamlakatda bir haftada o‘rtacha 10 ming o‘lim qayd etilardi.
Strayp raqamlarni «juda muhim» va «anormal» deba atagan, shu bilan birgalikda, u bu ortiqcha 6 ming o‘limning faqat yarmi koronavirus hissasiga to‘g‘ri kelishini qayd etgan.


















