«Biz qorong‘u damlarda
yorug‘ kelajakka boqa olishimiz kerak».
Arastu

Insoniyat tarixi guvohki, dunyo boshiga tushgan har qanday og‘ir tabiiy ofat va inqirozlardan keyin jamiyatlar yanada kuchliroq, mustahkamroq bo‘lib shakllangan. Bunday qiyinchiklardan to‘g‘ri va oqilona ish tutib rivojlanishda yuksak natijalarga erishgan ko‘plab davlatlarni bilamiz.

Misol uchun, o‘rta asrlarda feodal Yevropada tarqalgan vabo («qora o‘lat») jamiyatdagi iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarni tamoman yangi ko‘rinishga olib kelganini yaxshi bilamiz. Ko‘plab olimlar bu voqeani sanoat inqilobiga zamin yaratgan, degan fikrni ham aytishadi.

Biz o‘zbekistonliklar ham butun insoniyat bilan birgalikda katta sinovdan o‘tmoqdamiz. Koronavirus pandemiyasi bizning avlod uchun ko‘lami va shakl-shamoyili bo‘yicha yangilik bo‘lishi mumkin, lekin tarixda bashariyat bundan-da og‘irroq sinovlarni yenggan. Bu safar ham albatta shunday bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta'biri bilan aytadigan bo‘lsak, ko‘pni ko‘rgan xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo‘lib, bu murakkab sinovlarni ham mardona yengib o‘tadi.

Koronavirus bilan bog‘liq holat, birinchidan, nafaqat biz ko‘nikib qolgan odatiy munosabatlarni atroflicha qayta ko‘rib chiqishga, balki ularga o‘zgacha rakursdan qarashga, ayrimlarini esa tahrirlashga, keyingi hayot tarzimizni ham yangicha anglashga va rejalashtirishga majbur qiladi.

Bugun hayotimizda kechayotgan jarayonlar ertaga yangi kasblar, yangicha g‘oyalar, yangi ko‘nikmalar va qoidalarning shakllanishiga olib keladi, kerak bo‘lsa, jamiyatdagi qadriyatlar tizimini ham qayta tafakkur qilishga undaydi.

Koronavirus sharoitida yuzaga keladigan masalalar, ularning sohalari, ko‘rinishlari ham xilma-xil: tibbiy-sanitariya munosabatlardan tortib, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, psixologik, ma'naviy-falsafiy va boshqa sohalarda savollar talaygina.

Masalan, bugungi karantin sharoitida aksilinqiroz boshqaruvining huquqiy ta'minlovi qanday bo‘lishi lozim, mazkur jarayon ijtimoiy munosabatlarga qanday ta'sir ko‘rsatadi, shartnomaviy majburiyatlar qanday bajariladi, huquqlar qanday ta'minlanadi, shoshilinch choralar va inson huquqlari muvozanati, aholiga huquqiy xizmatlar ko‘rsatishning evrilishi qanday kechadi, onlayn munosabatlar rivojining huquqiy ustunlari yetarlimi, shaxsiy ma'lumotlar qanday himoyalanadi? Ya'ni chaqiriqlar, yechimlar, dunyo tajribasi va istiqbol...