14 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, pandemiya oqibatida ocharchilikdan qiynalayotgan aholi soni 2 barobarga oshib, 1 milliard 600 millionga yetadi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
«Mamlakatimizda ichki talabni to‘liq ta'minlash bilan birga eksportni oshirish uchun ham katta imkoniyatlar bor. So‘nggi uch yilda sohada manfaatdorlikni oshirish, oddiy qilib aytganda, dehqon va fermerni boy qilish uchun barcha masalalar hal qilib berildi. Endi mutasaddi rahbarlaru mirishkorlar ham hosil va daromadni ko‘paytirish uchun yangicha ishlashi zarur.
Bu yil qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasi vakillari uchun katta sinov va keng imkoniyatlar yili bo‘ladi. Pandemiya va karantin qancha vaqt davom etishidan qat'i nazar, aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoji kamaymaydi. Shu bois meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini ikki barobarga oshirish vazifasi qo‘yilmoqda.
Yig‘ilishda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55ta tuman, 86ta klaster va 125ta kooperativ bu borada yetakchi bo‘lishi kerakligi ta'kidlandi. Bog‘ va tokzorlarda qator oralari, takroriy maydonlarning har bir qarichidan samarali foydalanib, 2-3 marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bog‘dorchilik hamda Uzumchilik agentliklari sabzavot, poliz va boshqa turdagi ekinlar ekilishini tashkil etish uchun mas'ul etib belgilandi.
Ichki ishlar vazirligiga karantin qoidalariga amal qilgan holda, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish bilan bog‘liq avtotransport vositalarining erkin harakatlanishini ta'minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Mahsulot hajmini oshirish uchun joriy yilda 124 ming gektar oborotdan chiqqan yerlarni to‘liq o‘zlashtirish lozim.
Bugungi kunda Baxmal tumanida 3 ming gektar, Qo‘shrabot tumanida 5 ming gektar, Beshariq tumanida 2 ming gektar oborotdan chiqqan yerda quduqlar qazilib, bog‘ va tokzorlar barpo qilish boshlangan. Bunday loyihalarni boshqa hududlarda ham amalga oshirish, suv chiqarib, lalmi yerlarni o‘zlashtirish zarurligi ta'kidlandi.















