Hukumat qarori bilan, koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuada epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibini belgilovchi nizom qabul qilindi.
Ushbu nizomga ko‘ra, chegara bojxona postlaridan o‘tayotgan yo‘lovchilar dastlab sanitariya-karantin punktlarida tibbiy-sanitariya ko‘rigidan o‘tkazilgandan so‘ng chegara va bojxona xizmatlari nazoratidan o‘tkaziladi. So‘ngra ularning ro‘yxati shakllantiriladi.
Markaz chegaradan o‘tayotgan shaxslar ro‘yxati asosida karantinga olinadigan shaxslarni joylashtirish uchun karantin majmuasida ularning soniga muvofiq tegishli xonalar ajratilishini ta'minlaydi.
Karantinga olinadigan shaxslar ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari xodimlari kuzatuvi va nazorati ostida karantin majmuasiga olib boriladi.
Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan shaxs aniqlanganda ichki ishlar organlari hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari xodimlari tomonidan darhol koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxati shakllantiriladi.
Bunda, koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan muloqotda bo‘lganlar koronavirus infeksiyasini yuqtirish xavfi darajasiga qarab Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan mezonlar asosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda va muloqotda bo‘lgan shaxslarga ajratiladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi shu vaqtning o‘zida koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxatini elektron aloqa vositalari orkali tegishli hududdagi mahalliy davlat hokimiyati organi, sog‘liqni saqlash organiga hamda markazga yuboradi.
Ichki ishlar organi tomonidan koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar ro‘yxati tegishliligi bo‘yicha tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (IIOFMB bo‘limlari)ga yuboriladi.
Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) darhol o‘zlariga tegishli hududda yashaydigan koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxatida ko‘rsatilgan shaxslarni uy sharoitida «o‘zini-o‘zi yakkalash»ini ta'minlaydi.

















