Uning aytishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan birgalikda alohida milliy klinik qo‘llanma ishlab chiqqan bo‘lib, shu asosida davolash ishlari olib boriladi.
Hozirgi kunda respublika bo‘yicha Covid-19 infeksiyasi bilan kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan homilador ayollar uchun 740 shifo-o‘ringa ega 14ta tug‘ruq komplekslar, koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan homilador ayollar uchun esa 360 shifo-o‘ringa ega bo‘lgan 13ta tug‘ruq komplekslari yaratilgan.
«Shu o‘rinda aytish kerakki, homilador ayollarda quruq yo‘tal, tana haroratining ko‘tarilishi, nafas qisilishi, holsizlik, ishtaha yo‘qligi, mushaklarda og‘riq alomatlari paydo bo‘lganda uydan chiqmagan holda yashash manzillaridagi uchastka shifokoriga yoki ayollar maslahatxonalariga murojaat qilishlari zarur. Karantin davrida homiladorlar shoshilinch holatlardan tashqari shifokorlar maslahatlashuvlarini masofaviy aloqa (telefon, videoaloqa va boshqalar) orqali o‘tkazishlari tavsiya etiladi», deydi Barno Abdusamatova.
Koronavirus bolalar uchun qanchalik xavfli? 12ta savolga javob
Homilador ayolda koronavirus infeksiyasi aniqlansa va u muddatiga yetmagan bo‘lsa, homiladorlik davom ettiriladimi?
Barno Abdusamatovaning ta'kidlashicha, bu eng avvalo, ona ahvolining og‘irligi, homilaning yashab ketishi va sog‘lomligi kabi ko‘plab omillarga bog‘liq. Agar koronavirus infeksiyasi mavjud bo‘lgan homilador ayolning ahvoli og‘ir yoki o‘ta og‘ir deb baholanadigan bo‘lsa, unda diagnostik mezon va xalqaro tibbiy tavsiyalarga muvofiq, hayotiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, homiladorlik muddatiga qaramay tug‘dirishni amalga oshirish kerak. Ammo hozirgi kunda koronavirus infeksiyasiga chalingan homilador ayollarda bu kasallik homila uchun jiddiy asoratlar xavfi yuqoriligi to‘g‘risida hech qanday dalillar mavjud emas.
Covid-19 infeksiyasiga chalingan ayolda homiladorlik muddatiga yetgan bo‘lsa, tug‘ruq usulini tanlash akusherlik ko‘rsatmalari asosida individual amalga oshiriladi. JSST kesarcha kesishni faqatgina tibbiyot nuqtai nazaridan o‘rinli deb topilgandagina o‘tkazishni tavsiya etadi.
Infeksiya onadan bolaga o‘tadimi?
«Tug‘ruq murakkab jarayon. Ayrim yuqumli kasallikka chalingan onalarning farzandida onadagi infeksiyalar bo‘lmasligi mumkin. Ammo koronavirus butun dunyo shifokorlari uchun ham kutilmagan kasallik bo‘ldi. To‘g‘ri, koronavirus infeksiyasi mavjud bo‘lgan homilador ayoldan tug‘ilgan bolaga infeksiya o‘tadimi, degan savol har bir ayolning xayolidan o‘tishi tabiiy. Mutaxassislarning ma'lum qilishlaricha, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda koronavirus infeksiyasi o‘tgan holatlar nisbatan kam qayd etilgan, agar ushbu infeksiya bolaga o‘tgan taqdirda ham, barcha holatlar yengil shaklda kechgan», deydi SSV boshqarma boshlig‘i.














