Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib davrida O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomobilda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirishning vaqtinchalik tartibi belgilandi – deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati xabarida.
Yuk avtotransport vositalarining harakati alohida belgilangan Davlat chegara o‘tkazish punktlari orqali amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarorida qayd etildi.
Unga ko‘ra, alohida topshiriq bo‘lgunga qadar yuk avtotransport vositalarining harakati faqatgina quyidagi Davlat chegara o‘tkazish punktlari orqali amalga oshirilishi belgilandi:
- Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan – “Termiz”;
- Turkmaniston Respublikasi bilan – “Olot”;
- Tojikiston Respublikasi bilan – “Sarosiyo”, “Oybek” va “Plotina”;
- Qirg‘iziston Respublikasi bilan – “Do‘stlik”, “O‘zbekiston”, “Vodil”, “Chashma” va “Oq qiya”;
- Qozog‘iston Respublikasi bilan – “Daut-ata”, “Guliston”, “Yallama”, “Zangiota” va “Toshkent”.
Chegara o‘tkazish punktlarida faoliyat olib boruvchi bojxona xodimi tomonidan kirib kelayotgan xorijiy yuk avtotransport vositalari haydovchilariga ularning harakatlanishi, to‘xtab turishi (avtoturargoh, texnik va maishiy xizmat ko‘rsatish va x.k.), oziq-ovqatlarni xarid qilish mumkin bo‘lgan joylari ko‘rsatilgan yo‘nalishlar chizmasi taqdim etiladi.
2020 yil 30 apreldan respublika hududiga kirib kelayotgan barcha yuk avtotransport vositalari chegara o‘tkazish punktlariga eng yaqin joylarda tashkil etilgan maxsus avtoturargohlarga yo‘naltiriladi va o‘sha yerda haydovchilaridan koronavirus infeksiyasiga test olinadi.
Test natijalari e'lon qilingunga qadar avtotransport vositalari va ularning haydovchilari maxsus avtoturargohlarda bo‘ladilar.
Test natijalari bo‘yicha koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan taqdirda harakatni tasdiqlangan yo‘nalish chizmasi asosida davom ettirishga ruxsat beriladi.


















