Boysundan bir guruh tadbirkorlar tuman markazidagi dehqon bozori hokimiyat tomonidan yopib qo‘yilishi yuzasidan murojaat yo‘llashdi. Ushbu murojaatga hamohang tarzda Kun.uz saytida va ijtimoiy tarmoqlarda ham xabarlar berildi.

Sayt muxbirlari tomonlarni eshitish, vaziyatni xolis o‘rganish maqsadida Surxondaryoga bordi.

Boysunning eski shahar qismida joylashgan mazkur dehqon bozorda jami 126ta do‘kon va rastalar bo‘lib, shundan 74tasi tadbirkorlarga tegishli.

So‘nggi bir oy davomida hokimlik tomonidan bozorni yopish borasida amaliy harakatlar boshlangan. Xususan, bozor yopilishidan norozi bo‘lib to‘plangan aholini tarqatish uchun IIB xodimlari jalb qilingan. Maxsus texnikalarda fuqarolarga suv purkalgan, ayrimlar IIBga olib borib, ogohlantirilgani ma'lum qilindi.

Shu o‘rinda fuqarolar bilan so‘nggi ziddiyatga olib kelgan holat haqida. 12 may kuni olingan videolarda ichki ishlar bo‘limi va Milliy gvardiya xodimlari o‘rab turgan ekskavator bozorga kiradigan yo‘lni qazib tashlashga urinayotgani aks etgandi.

Video yuzasidan Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati telegram kanalida izoh berildi. Unda ekskavator bozorni buzish uchun emas, balki «O‘zbektelekom» AK viloyat filiali Boysun telekommunikatsiya bog‘lanmasi tomonidan Alisher Navoiy va Istiqlol ko‘chalari bo‘ylab xalqaro optik tolali aloqa kabelini yotqizish maqsadida qazish ishlarini bajarish uchungina kiritilgani aytilgan.

Ammo tez orada viloyat hokimligi matbuot xizmati yolg‘on xabar tarqatgani ma'lum bo‘ldi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hokimlik ma'lumotini rad qildi