O‘zbekiston | 09:00 / 17.05.2020
27292
4 daqiqa o‘qiladi

Eldor Tulyakov: Zaxarovaning O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga bildirgan fikrlari asossiz

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarovaning O‘zbekistonda rasmiy doiralarda davlat tili ustuvor bo‘lishini belgilovchi qonun loyihasi atrofidagi muhokamalarga munosabati bo‘yicha izoh berdi.

Eldor Tulyakov o‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangrayotganini ta'kidlagan.

«Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan bildirgan fikrlari asossiz va bir yoqlama ekanini ta'kidlamoqchimiz. Binobarin, o‘z zaminida 130dan ortiq millat va elatni birlashtirib, tinchlik-xotirjamlikda, hamjihatlik va totuvlikda hech qanday millatchilik va shovinizmga yo‘l qo‘ymasdan, barcha millat vakillarining tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlab, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratib kelayotgan O‘zbekistonga nisbatan bunday o‘rinsiz iddao xalqaro huquqiy normalarga mutlaqo mos kelmaydi», degan u.

Rossiya TIV rasmiysi o‘z chiqishida O‘zbekistondagi rasmiy idoralarda rus tilidan foydalanish saqlab qolinishi Rossiyada o‘qish yoki ishlashni tanlaydigan fuqarolarning manfaatlariga to‘la mos kelishini ta'kidlagandi.

«Mariya Zaxarovaning aytishicha, O‘zbekistonda rasmiy idoralarda o‘zbek tilida ish yuritishga qaratilgan qonun loyihasining tarafdorlari go‘yoki kamchilikni tashkil etayotgan emish. Shuning uchun rus tilini rasmiy doiralarda to‘laligicha saqlab qolish Rossiyada ishlash va o‘qish qarorini qabul qiladigan O‘zbekiston fuqarolarining manfaatlariga to‘g‘ri kelarmish.

Afsuski, Mariya Zaxarova bu so‘zlariga hech qanday isbot va dalil keltirmagan, keltirolmaydi ham. Boisi, mazkur qonun loyihasi xalqimizning katta qismi, shu jumladan, O‘zbekistonda istiqomat qilib kelayotgan boshqa millat vakillari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda va uni takomillashtirishga oid yuzlab takliflar bildirilmoqda», deydi u.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori qonun qabul qilish har bir suveren davlatning o‘z ichki ishi ekaniga e'tibor qaratgan.

«Qolaversa, boshqa davlat tashqi siyosat idorasi mas'ul shaxsining ushbu mavzuga aralashuvi na diplomatik, na siyosiy etika va na axloq qoidalariga to‘g‘ri keladi. Chunki, qonun qabul qilish bu har suveren davlatning o‘z ichki ishi sanaladi.

Shunday ekan, O‘zbekiston ham o‘z ichki siyosatini o‘zi mustaqil ravishda belgilashga, mustahkamlab qo‘yilgan xalqaro standart va normalarga uyg‘un tarzda eng asosiy milliy huquqiy hujjatining normalarini mamlakat hududida to‘liq joriy etishga har tomonlama haqli. Bundan kim yoki kimlar manfaatdor ekani ham O‘zbekiston fuqarolariga, ya'ni xalqimizga havola», degan Eldor Tulyakov.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni ta'minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqqandi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova 14 may kuni o‘tkazilgan brifing vaqtida O‘zbekistonda rus tili bilan bog‘liq vaziyatga izoh berib, «O‘zbekistonda ish yuritish jarayonlarida rus tilidan foydalanish respublika fuqarolarining manfaatlariga mos kelishi»ni aytgandi.

Mavzuga oid