Kun.uz turli fanlar doirasida test topshiriqlari bilan bog‘liq yangiliklar haqida ma'lumot olish uchun Davlat test markazi matbuot xizmati rahbari Orziqul Boboyev bilan bog‘landi.

Test darajalari haqida

– Test topshiriqlarini soddalashtirish deganda bakalavriat qabul imtihonlarida faqat sodda testlardan foydalaniladi, deb tushunmaslik kerak.

Test topshiriqlari 3ta qiyinlik darajasida shakllantiriladi. Birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlar ishlanishi, bajarilishi oson bo‘lgan test topshiriqlari hisoblanadi.

Avvalgi yillarda o‘tkazilgan test sinovlarida har bir fandan 6tagacha birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari berilar edi. Bu yildan boshlab esa har bir variantda qo‘llaniladigan birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni o‘rtacha 10tagacha yetkazilmoqda.

Jadval, rasmli ko‘rinishdagi savollar saqlanib qoladi

– 2019 yili qabul test sinovlarida yozuvsiz xarita, jadval, rasmli ko‘rinishidagi yangi test topshiriqlari qo‘llanilgan edi. Shunday savollardan bu yilgi imtihonlarda ham foydalaniladi.

Abituriyentlar test topshiriqlarini mantiqiy fikrlab tezda tushunishlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya va chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fanlaridan rasmli test topshiriqlari shakllantirilmoqda.

Bundan tashqari, biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari soni ko‘paytirilmoqda.

Tillarga oid savollarda yangiliklar bor

Ona tili va adabiyot fanidan (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) mustaqil o‘qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan test topshiriqlari soni ko‘paytiriladi.

Shuningdek, mantiqiy fikrlashni rivojlantirish maqsadida matnli testlar, ya'ni matn ustida ishlash bilan bog‘liq test topshiriqlari tuzilmoqda.

Matnli test topshiriqlarida matn tarkibidagi so‘zlarning to‘g‘ri qo‘llangani va gaplarning to‘g‘ri shakllantirilganini aniqlash, matndagi so‘zlarning ma'nolarini topish va matnning asosiy mazmunini tushunish talab etiladi.