Ma'lum qilinishicha, mazkur qurilish Toshkent shahar hokimining 2019 yil 28 martdagi 467-sonli qarori asosida, 25 mln. AQSh dollaridan kam bo‘lmagan investitsiya kiritish sharti bilan, kompaniyaga ajratib berilgan.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayevning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, bu yerda 1-2-3-qavatlari savdo do‘konlari, yuqori qavatlari ofislardan iborat 9 qavatli bino qurilishi rejalashtirilgan.


«IMP NEW PAY» nomi bilan 2016 yil 19 avgustda Chexiya Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan kompaniya haqida ochiq ma'lumotlar bazasida bir qancha qiziq faktlar taqdim etilgan. Unga muvofiq, kompaniya ta'sischilari o‘zbekistonlik Isroil Yunusov hamda germaniyalik Pol Braytenbah hisoblanadi.
Yashash manzili Toshkent shahridagi Karvon berk ko‘chasi, 10 uy etib belgilangan kompaniya ta'sischilaridan biri Isroil Yunusov «IMP NEW PAY» ning 95 foiz aksiyasiga egalik qiladi. Germaniya fuqarosi esa 5 foiz aksiyani boshqaradi. Shuningdek, kompaniyaning ustav kapitali 1000 chex kronasini (taxminan 39 dollar) tashkil etadi.
Ochiq ma'lumotlar bazasida yuridik manzili Chexiyaning Karlovi Vari shahrida ko‘rsatilgan kompaniya direktori sifatida Murat Madenov ismi yozilgan. Chexiyada uy-joy xaridi va sotuvi bilan shug‘ullanuvchi saytlarda shunday ismli shaxs makler ekani ko‘rsatiladi.
Booking.com sayti ma'lumotiga ko‘ra, Murat Madenov ismli shaxs Karlovi Vari shahrida istiqomat qiladi va uylarni ijaraga ham topshiradi. U Chexiyada 13 yildan buyon doimiy yashashi, ushbu biznes bilan 6 yildan beri shug‘ullanishi haqida ma'lumot yozib qoldirgan.









