Respublikada 16 martdan buyon amal qilib kelayotgan karantin cheklovlari 2020-2021 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini tashkil etishga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. Pandemiyani e'tiborga olib, bu yil abituriyentlardan hujjatlar davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda qabul qilinishi belgilandi.

Shuningdek, minglab abituriyentlarning poytaxtda jamlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kirish imtihonlarining hududlarda tashkil etilishi, buning uchun respublika bo‘ylab 64ta bino tanlab olingani ma'lum qilindi. Abituriyent poytaxtdagi OTM uchun ham o‘z hududida turib imtihonda ishtirok etishi mumkin.

Karantin sharoitida kirish imtihonlarini tashkillashtirishning bir jihati ochiq qolmoqda – xorijdan O‘zbekistonga qayta olmayotganlar.

“O‘qishga topshirmoqchiman, lekin hozir Rossiyadaman. Hujjatlarni onlayn topshirish mumkin ekan, ammo imtihonning o‘zi-chi? Hali-beri yo‘llar ochilmaydi. Charter reysga yozdirsam ham navbatim kelmaydi. Bunday vaziyatda bizga qanday imkoniyat bor?”

“3 oy oldin BAAga kelgandim, hozir ortga qayta olmayapman. Oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishim kerak. Hujjatlarni onlayn topshirsam, imtihongacha yetib bora olmasam, imtihonlar ham onlayn bo‘ladimi?”

“Shu yili o‘qishga topshirmoqchi edim. Lekin o‘zim Rossiyadaman, yo‘llar yopiq. Menga o‘xshaganlar nima qilishi kerak?”

Kun.uz’ga 2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarida ishtirok etmoqchi bo‘lgan, ammo chegaralar yopiqligi bois vatanga qayta olmayotgan o‘zbekistonliklardan yuqoridagi kabi murojaatlar kelib tushmoqda.

Xorijda qolayotganlarning kirish imtihonlarida ishtiroki qay tarzda ta'minlanishi mumkinligi xususida mutasaddi tashkilotlar bilan bog‘landik.

Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini tashkillashtirishda asosiy ijrochi bo‘lgan Davlat test markazi axborot xizmati rahbari Orziqul Boboyevning ma'lum qilishicha, mazkur masala bo‘yicha hali sharoit yaratilgan emas.

“Chet eldan turib onlayn shaklda hujjat topshirish mumkin. Ammo chegaralar yopilgani tufayli xorijda qolgan, kirish imtihonlarida ishtirok etish istagida bo‘lganlar uchun hali hech qanday sharoit yaratilmagan. Ayni vaqtda 2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarini tashkil etish bo‘yicha Davlat qabul komissiyasiga navbatdagi takliflar tayyorlanmoqda. Shu jarayonda balki xorijdagi abituriyentlar masalasida ham takliflar berilishi mumkin”, deydi Boboyev.