“Kuni kecha andijonlik fuqaro shahar ichki ishlar bo‘limining ma'muriy binosiga olib kirilganidan ikki hafta o‘tgach, kasalxonada vafot etdi. Jabrlanuvchiga nisbatan jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan inson sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfli bo‘lgan zo‘ravonlik qo‘llanilgan hamda hibsda noqonuniy ushlab turilgan.

Uch nafar xodimga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki shaxs erkinligini cheklash) va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ayblanuvchilar hibsga olingan”, - deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, 2020 yil boshidan buyon bu ichki ishlar organlarida mahbuslarga nisbatan qo‘llanilgan qiynoq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq ikkinchi holatdir. Shu yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Chiroqchi tuman bo‘limida kaltaklanish natijasida 32 yoshli erkak vafot etdi. Ushbu jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan Chiroqchi tuman ichki ishlar bo‘limining ikki xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari o‘z xohishiga ko‘ra iste'foga chiqdi.

Garchi 2018 yil iyul oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on IIBda sodir etilgan voqeadan so‘ng (tezkor xodim tomonidan ayol kishini ommaviy tahqirlanishi) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bu kabi noxush hodisalarni aniqlash va oldini olish, shuningdek, Ichki ishlar organlari safini «nopok va tasodifiy» xodimlardan tozalashga qaratilgan qat'iy choralar ko‘rilishini ma'lum qilgan edi, deyiladi bayonotda.

Ta'kidlanishicha, bu holatlar ko‘p jihatdan o‘tgan yilning dekabr oyida inson huquqlari, shu jumladan O‘zbekistondagi vaziyat bo‘yicha o‘z xulosalarni e'lon qilgan BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining ham xavotirlanishini tasdiqlaydi. O‘zbekiston 160 dan ortiq davlatlar qatorida BMTning Qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazoga qarshi Konvensiyasining ishtirokchisi hisoblanadi. 2019 yil 28 noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston bo‘yicha yakuniy kuzatuvlar konvensiyani amal qilinishining ham ijobiy tomonlarini, ham asosiy muammolarini tavsiflaydi.

“Qo‘mita tomonidan bir qator hujjatlarning qabul qilinishi va chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, jumladan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi”gi qonunlar, “Jasliq” koloniyasining yopilishi, BMTning din yoki e'tiqod erkinligi hamda sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachilarning respublikamizga tashriflari yuqori baholandi.