Jadid ziyolilari uchun eski usuldagi maktablarni isloh etish, badiiy adabiyotni yangi o‘zanga solish, teatr sahnasini ibratxonaga aylantirish  naqadar muhim bo‘lsa, milliy matubot tashkili va taraqqiysi ham shu darajada ahamiyatli edi.

Jadidlar zamonida matbuotdagi haq so‘zning kundalik hayotga, odamlarga, jamiyatga ta’siri kuchli bo‘ldi. Vaqtli matbuot odamlarning ijtimoiy hayotiga faol aralashmog‘i va dunyodan boxabar bo‘lmog‘i uchun zaruratga aylandi. Boshlab gazetalar oyda bir bora bazo‘r chiqdi; asta-asta haftalik va kunlik nashrlar shiddat bilan odamlar orasiga kirib bordi; sahifalaridagi maqola va ma’lumotlar ma’naviy ehtiyoj tusini oldi.

Darhaqiqat, millat ma’naviyatini isloh etish, odamlarni ma’rifatli qilish, olamga ochiq nazar bilan boqishga o‘rgatish va mudroq tafakkurni uyg‘otishning eng asosiy omili sifatida jadidlar matbuotning qadrini baland ko‘tardi. Ular nazdida matbuot – fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo‘lida xizmatchi, odamlar ong-u shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan ko‘zgu bo‘lmog‘i lozim edi. «Ulfat» ko‘ngillar birligidan so‘z ochishi, «sado»lar ma’rifat va ma’naviyat, odobiyot va adabiyotning ovozi bo‘lishi kerak edi. Gazeta va jurnallar nomi shu ezgu niyatlarga moslab tanlandi.

Turkistonlik ziyolilar o‘zlari gazeta chiqargunga qadar bir muddat Qrimga – Baxchasaroyga ko‘z tikishdi. Ismoilbek Gasprinskiyning «Tilda, fikrda, ishda birlik» degan g‘oyalariga havaslanib qarashdi. Jadidlar shu allomaning «Tarjimon» (1883-1914) gazetasini o‘qib, uning muxlisi va muhibiga aylanishdi.

Gazetaning yo‘li, maslagi va maqsadi aniq edi:

«Tarjimon» – har turli ish, ahvol va ixtilofga «haqqoniyat»va «mumkiniyat» jihatidan boqajakdir. «Tarjimon» tavhidi lison, tavhidi afkor va maorifi milliya masalalarida g‘ayrati doimiyda bo‘lajakdir. «Tarjimon» – har na so‘ylar va yozar bo‘lsa, bu kunda millatning anglami, idrok va qabul etishi suratda arz va bayon etajakdir».

Garchand «Tarjimon»ning Turkistondan o‘quvchilari ko‘p bo‘lsa ham, bosilishining boshlarida turkistonlik yozuvchilar juda kam – onda-sonda ishtirok etdi. Biroq XX asrning o‘ninchi yillaridan boshlab Mahmudxo‘ja Behbudiy (Samarqand),  Oxund mulla Mavdud Ohimov (Toshkand), Mirhusayn Mirrahimov (Qo‘qon), Abduqodir Shakuriy (Samarqand), Hoji Mu’in (Samarqand), Qozi Ziyouddin Mahmud ibn Domla va mudarris Fayzrahmat (Buxoro) kabilar qatnashadi.

Mualliflar ba’zan maqola-xabar yozishsa, ayrim hollarda «Tarjimon»dan o‘zlarining eng muhim savollariga javob olish niyatida maktublar yo‘llaydi. Abdulhamid Cho‘lpon 1913 yili Ismoil Gaspinskiyga yozgan maktubida «Shalola», «Turk yurdi», «Shahbal», «Tarjimon», «Vaqt» va «Iqbol» kabi jadid qardoshlarning gazeta va jurnallarini yodga oladi, ularni o‘qib borayotganini aytadi.