Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 iyundagi qaroriga muvofiq, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari va mamlakatda doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ixtiyoriy ravishda o‘z hisobidan mehmonxonalarda karantinga olish tartibi belgilandi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mazkur tartib bo‘yicha ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, hozirgi kunda fuqarolarni karantin talablari asosida joylashtirishga yetarli sharoit yaratgan va ularni qabul qilishga rozilik bildirgan mehmonxona faoliyatini yurituvchi tadbirkorlik sub'yektlari ro‘yxatlari shakllantirildi. Unga ko‘ra:

  • 300 ming so‘mgacha narxdagi 599ta o‘ringa mo‘ljallangan jami 13ta;
  • 301-500 ming so‘m narxdagi 4256 ta o‘ringa mo‘ljallangan jami 54ta;
  • 501 ming so‘mdan yuqori narxdagi 3616 o‘ringa mo‘ljallangan jami 35ta mehmonxona ro‘yxati shakllantirilgan.

Qo‘mita tomonidan ta'kidlanishicha, bitta reysda O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarning Milliy gvardiya tomonidan tun-u kun qo‘riqlanadigan mehmonxonalarga tartibli joylashtirilishi, aholi o‘rtasida koronavirusning keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida mehmonxonalarning ro‘yxati har bitta narx toifasidan 3tadan – jami 9ta eng kam narx taqdim qilgan mehmonxonalar kesimida e'lon qilib boriladi. Bunda mehmonxonalar o‘rinlari soni karantinga olingan fuqarolar va qayd etilgan bronlar hisobiga to‘lgach, ro‘yxat yangilab boriladi.

Karantinni mehmonxonada o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnomaga ko‘ra, mehmonxonalarga 14 kunlik karantinga «qizil» reyslar bilan O‘zbekistonga kirib kelayotgan shaxslar olinadi.