O‘zbekiston | 17:56 / 05.07.2020
3047
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston XMTning yana uchta konvensiyasini ratifikatsiya qiladi

O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining uchta konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bular – «Ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisalarda ishchilarga kompensatsiya to‘lash to‘g‘risida», «Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi 1952 yildagi konvensiyani qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida» va «Mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta'minlash asoslari to‘g‘risida»gi konvensiyalardir.

Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov 1 iyul kuni bo‘lib o‘tgan XMT Global sammitida ma'lum qildi.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Vazirlik xabariga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekiston XMTning 29-sonli Mehnat Konvensiyasiga Protokolni ratifikatsiya qilgan Markaziy Osiyodagi birinchi mamlakat bo‘lgan edi.

Shuningdek, respublika XMTning «Uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida», «Qishloq xo‘jaligidagi mehnat nazorati to‘g‘risida» va «Sanoat va savdo sohasidagi mehnat nazorati to‘g‘risida»gi uchta konvensiyalarini ham ratifikatsiya qildi.

Ma'lumot uchun, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyaga muvofiq, O‘zbekiston XMTning «Mehnatkash-migrantlar to‘g‘risida», «Haq to‘lanadigan ta'tillar (1970 yilda qayta ko‘rib chiqilgan) to‘g‘risida» va «Erkak va ayol xodimlarga: oilaviy majburiyatlarga ega ishchilarga teng munosabat va teng imkoniyatlar to‘g‘risida»gi konvensiyalariga ham qo‘shilishi mumkin.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Nozim Husanov sammitdagi nutqida pandemiya «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatganini ta'kidlab, bu borada XMT bilan hamkorlik qilishga umid bildirdi.

Vazir pandemiya davrida aholi bandligini rag‘batlantirish, ishchilarning ish o‘rinlari va daromadlarini saqlab qolish, ish joylarida xavfsizlik va mehnat gigiyenasini ta'minlash, kamsitish va ijtimoiy izolyatsiyalashni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi haqida ma'lumot berdi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat qiluvchilarga ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisalarda zararni qoplash to‘g‘risidagi 17-son Konvensiyasini (Jyeneva, 1927 yil 1 aprel) ratifikatsiya qilish haqida O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi may oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.

Mavzuga oid