Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nyu-York gubernatori Trampni koronavirus tarqalishida aybladi
Donald Tramp AQShda COVID-19ga chalinish holatlari o‘sayotganligi, ammo bu kasallikdan o‘lim holatlari kamayayotganligini aytgandi.
AQSh prezidenti Donald Trampning COVID-19 koronavirusi borasidagi so‘zlari vaziyatni chigallashtiradi va kasallikning yanada keng tarqalishiga olib keladi, dedi Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo.
The Hill nashrining yozishicha, Kuomo Trampning mustaqillik kuni bayrami tadbirida COVID-19 yuqtirish holatlarining 99 foizi "mutlaq zararsiz" ekanligi to‘g‘risidagi so‘zlariga ana shunday fikr bildirdi.
"Tramp bunday bayonotlar bilan virusga yordamlashyapti. Kasallik qanday o‘sayotganligini, iqtisodiyot jabrlanayotganini ko‘rib turibsiz, u esa hozirgi inqirozning bir bo‘lagi", - deya gubernatordan iqtibos keltiradi nashr.
Kuomoning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning gaplari sababli amerikaliklar "niqob taqmayapti, ijtimoiy masofaga rioya qilmayapti, o‘zlarini ehtiyot qilmayapti". Oqibatda 38ta shtatda koronavirus yuqtirish holatlari o‘sishi qayd etilmoqda, deb ta'kidladi gubernator.
Tramp avvalroq AQShda COVID-19ga chalinish holatlari o‘sayotganligi, ammo bu kasallikdan o‘lim holatlari kamayayotganligini aytgandi.
Worldometers sayti ma'lumotiga ko‘ra, AQSh koronavirus yuqtirish va undan o‘lim holatlari bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda – kasallikka chalinganlar soni 3 milliondan va vafot etganlar soni 132 mingdan oshgan.