O‘zbekiston | 18:25 / 16.07.2020
14331
3 daqiqa o‘qiladi

Angren va Xorazmdagi shakar zavodlari faoliyati to‘xtatilishi vaqtincha ekanligi ma'lum qilindi

Ta'kidlanishicha, ta'mirlash ishlari yakunlanishi bilan yana zavodlar o‘z faoliyatini davom ettirishi rejalashtirilgan.

15 iyul kuni “Angren shakar” MChJ va “Xorazm shakar” MChJlar rasman ish faoliyatini to‘xtatgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

“Angren-shakar” MChJ matbuot xizmati buni xomashyo zaxirasining tugaganligi  va mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar bozordagi raqobatga bardosh bera olmayotganligi, bozorlarni nisbatan arzon import shakar egallagani bilan izohlagandi.

Tahririyat mazkur xabar yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan bog‘langanida qo‘shimcha ravishda quyidagilar ma'lum bo‘ldi.

Ma'lumot berilishicha, joriy yilning iyul oyida respublikada faoliyat yuritayotgan shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan birja savdolariga jami 12 ming tonna shakar qo‘yilgan.

Xususan, 16 iyul kuni “Angren shakar” MChJ tomonidan 650 tonna, “Xorazm shakar” MChJ tomonidan 350 tonna mahsulot qo‘yilgan.

Bugungi kunda ikkala korxona omborlarida 47 ming tonnadan ortiq tayyor mahsulot mavjud va sotilgan mahsulotlarning xaridorlarga yuklanishi davom etmoqda.

Korxonalar faoliyati to‘xtatilishi vaqtincha ekanligi va maqsad ishlab chiqarish tizimida tozalash va ta'mirlash ishlarining amalga oshirilishi ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Korxonalar omborlaridagi tayyor mahsulot qoldig‘i profilaktika ishlari yakuniga qadar yetarli miqdorda mavjudligi hisobiga shakar savdolariga qo‘yib borilishi va ta'mirlash ishlari yakunlanishi bilan yana zavodlar o‘z faoliyatini davom ettirishi rejalashtirilganligi ma'lum qilindi, deyiladi qo‘mita tomonidan.

Ushbu xabarlarga “Angren shakar” MChJ bosh direktori Rustam Akbarxodjayev va “Xorazm-shakar” MChJ bosh direktori Umidjon Komilovlar o‘z munosabatini bildirishdi.

“O‘zbekistondagi mavjud ikkita shakar zavodi xom-ashyo tugaganligi munosabati bilan ishlab chiqarishni vaqtinchaga to‘xtatgan edi. Hozircha ushbu vaziyatdan foydalangan holda zavoddagi barcha uskunalarda profilaktik tozalash ishlari olib borilmoqda. 

Xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar o‘tgazgan holda xom-ashyo muammosi ham bartaraf etilmoqda. Yaqin kunlarda ikkita zavodda ishlab chiqarish to‘liq quvvat bilan boshlab yuboriladi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, “Angren shakar” MChJ va “Xorazm shakar” MChJda jami 2 ming kishi mehnat qiladi.

Mavzuga oid