Xalq ta'limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova Telegram’dagi rasmiy sahifasida jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan masala – ona tili va adabiyot fani bo‘yicha dars soatlari nega qisqartirilayotganini izohlagan.

Ona tilini o‘qitishda e'tibor songa emas sifatga qaratilishi kerak

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ona tili va adabiyot fani soatlarini qisqartirilganligi mavzusi keng muhokama bo‘lmoqda. Avval ham bu bo‘yicha vazirlik bir necha bor izoh va tushuntirish bergan. Bugungi muhokamalar fonida masalaga yana bir bor oydinlik kiritishga qaror qildik.

Davlatimiz rahbari 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari ko‘tarilgan.

Huquqiy asos

Amaldagi tayanch o‘quv rejasini Xalq ta'limi vazirligi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi «Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident qaroriga asosan amalga oshirilgan. Qarorda 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab amaldagi o‘quv rejani 10 foizga qisqartirilishi belgilangan.

Sanitariya qoidalari, normalari me'yori oshib ketgan

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018 yil 27 aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari hamda gigiyena normativlarida 1-4-sinf o‘quvchilarining haftalik o‘quv soati jami 88 soat etib belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan me'yordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli, boshlang‘ich sinflarning o‘quv soati Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirilgan.

Maktablardagi ona tili fani oliy ma'lumotli filolog tayyorlashga yo‘naltirilgan

Mazkur fan o‘quv dasturlarini chuqur tahlil qilish natijasida unda muomalada ishlatilmaydigan qoidalar, murakkab grammatikaga oid, oliy ma'lumotli filolog mutaxassisini tayyorlashga yo‘naltirilgan mavzular borligi aniqlangan va bu narsa ertaga filologiya bo‘yicha faoliyatini davom ettirmaydigan o‘quvchi uchun ortiqchaligi aniqlanib, o‘quv dasturlaridan qisqartirilgan.