Pardayevga ko‘ra, Surxondaryoda jami 195ta tez tibbiy yordam avtomashinasi mavjud. Tez yordam mashinalari yetishmayotgani sababli ehtiyojni qoplash maqsadida shifokorlar, jismoniy shaxslarning avtomashinalarini shartnoma asosida jalb etish yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgacha 50 avtomashina tez tibbiy yordam uchun tashkil etilgan. Yana tashkil etish davom etmoqda.

Shuningdek, har bir tumanda 15ta mobil guruhlar shakllantirilgan. Bu guruhlarda malakali tibbiyot mutaxassislari, SEO markazlari xodimlari, IIB, milliy gvardiya vakillari bor, mazkur guruhlarga 162ta telefon tarqatilgan.

PZR laboratoriyasi viloyatda 3ta markazda bor. Hozirgacha 36 040 ta test olib kelingan. Yana 50 000 ta buyurtma qilingan.

Ayni vaqtda test zaxiralari 12 000 tani tashkil etadi. Hozirgi kunda Sherobod tumanida yana bir PZR laboratoriyasini ishga tushirish ishlari ketmoqda.

Koronavirus yuqtirgan fuqarolar hozirda viloyatdagi uchta tibbiyot muassasasida davolanmoqda. Bu muassasalarda 270 ta o‘rin bor. Qo‘shimcha ravishda 170 ta joy hozirlangan.

Surxondaryoda koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari soni – viloyat bo‘yicha 1500 nafar.

Viloyatda 594 ta dorixona mavjud. Maxsus komissiya tomonidan tasdiqlangan dori vositalarining narxlari sun'iy tarzda oshirilishining oldini olish maqsadida tegishli idoralar tomonidan nazoratga olingan. Yana 2,6 milliard so‘mlik dorilar olib kelingan bo‘lib, hududlarga tarqatish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Rossiyadan 5 milliard so‘mlik dorilar olib kelinadi. Agar yana ehtiyoj paydo bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda dorilar keltirish bo‘yicha reja ishlab chiqilgan.

Hokim o‘rinbosari kasallik tarqalishining oldini olish nafaqat nazorat organlari, balki aholining o‘ziga ham bog‘liq ekanini, ayniqsa, bunda jamoatchilik o‘rni kattaligini eslatib, aholiga murojaat qildi.

Nafaqat aholi o‘rtasida, hattoki tibbiyot xodimlari orasida ham karantin qoidalari qo‘pol tarzda buzilayotganiga misol keltirdi.

«Joriy yil 11 iyul kuni Termiz shahridagi onkologiya dispanserida xodimlar tushlik vaqtida jamoaviy tarzda tug‘ilgan kun tadbirini o‘tkazishgan. Ushbu holat tegishli idoralar tomonidan o‘rganilib, qat'iy choralar ko‘rildi.