O‘zbekiston | 17:51 / 21.07.2020
26552
3 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya davrida o‘g‘rilik, firibgarlik, bezorilik, qo‘shmachilik, fohishaxona saqlash jinoyatlari ko‘paygani ma'lum qilindi

Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov 2020 yilning birinchi yarmida qo‘shmachilik qilish, fohishaxona saqlash, transport vositalari harakati va ulardan foydalanish qoidasini buzish, firibgarlik, o‘g‘rilik, giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish jinoyatlari oshganini ma'lum qildi.

«2020 yilning birinchi yarmi davomida 12748 nafar shaxs sudlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2019 yilda 14733 tani tashkil qilgani joriy yilning 1-yarmida sudlanganlar soni 1985 taga yoki 13,5 foizga kamayganini ko‘rsatadi.

Biroq tahlillar jinoyat turiga qarab baho berganda voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta'minlash, oddiy qilib aytgan, aliment undirish masalalari bo‘yicha 332 taga, qo‘shmachilik qilish, fohishaxona saqlash jinoyatlari 38taga, bezorilik jinoyatlari 174 taga, shuningdek, transport vositalari harakati va ulardan foydalanish qoidasini buzish 22 foizga, firibgarlik 14,2 foizga, o‘g‘rilik 11,2 foizga, giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish jinoyatlari 6,2 foizga oshganini ko‘rish mumkin», deya Ikrom Muslimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oliy sud mulozimining ta'kidlashicha, 2020 yilning birinchi yarmida respublika sudlari tomonidan 400613 ta, xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 48625 ta ish ko‘rilgan. Shu jumladan 17251 nafar shaxsga nisbatan 13990 ta jinoyat ishi, shuningdek, 34635 ta boshqa turdagi materiallar ko‘rilgan.

«Boshqa turdagi materiallar deganda nimani tushunamiz? Jazo o‘tash jarayonida tuzalish yo‘liga o‘tgan shaxslarni qonunda ularga nisbatan tayinlangan jazosini yengillashtirish, yengilroq jazoga aylantirish, jazo o‘tash tartibini yengilrog‘iga almashtirish, qolaversa, shartli ravishda bunga ishonch bildirgan holda ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatgan holda ozodlikka chiqarish masalalari ko‘rib chiqilishi mumkin. Mana shu toifadagi 34635 nafar shaxsga nisbatan materiallar ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, respublikaning ma'muriy sudlari tomonidan yarim yil davomida 177463 ta ish ko‘rilgan. Shundan 183137 nafar shaxsga nisbatan 149684 ta ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rilgan. Shuningdek, 6871 ommaviy-huquqiy masalalarga bag‘ishlangan arizalar ko‘rib chiqilib, qonuniy hal qilingan», deydi Ikrom Muslimov.

Mavzuga oid